Huawei 1
“Sentob”ga rasman “turizm qishlog‘i” maqomi berildi

Navoiy viloyatining Nurota tumanida "Sentob" turizm qishlog‘ining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

“Viloyatimizda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, “Sentob” qishlog‘ini “Turizm qishlog‘i”ga aylantirish natijasida 200 ga yaqin ishsiz aholi, jumladan, xotin-qizlar doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘ldi. Bugungi kunda qishloqda 30 dan ortiq tadbirkorlik subyekti mavjud. Sentob qishlog‘iga muntazam ravishda Angliya, Fransiya, Avstriya, Rossiya va boshqa davlatlardan xorijiy sayyohlar oqimi kuzatilmoqda”, – dedi tadbirni ochib bergan Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyev.

Shuningdek, tadbirda Madaniyat va turizm vazirligi vakili Lola Rahmonboyeva so‘zga chiqib, davlat rahbari tomonidan turizm sohasiga qaratilayotgan eʼtibor, sayyohlikni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar va turizm qishloqlarining soha rivojidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.

Vazirlik boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Lola Zikrillayeva turizm qishloqlarida oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil qilish jarayoniga alohida to‘xtalib o‘tdi:

“Madaniyat va turizm vazirligi hamda uning Navoiy viloyatidagi bo‘linmasi tashabbusi bilan “Sentob” qishlog‘ida bugunga kelib 20 ta oilaviy mehmon uyi va 3 hostel faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularga belgilangan standartlar asosida mehmon uylari nomi tushirilgan ko‘rsatkichlar o‘rnatildi. Ayni damda turizm qishlog‘ida 15 dan ortiq turistik xizmat yo‘lga qo‘yilgan”.

Shundan so‘ng Madaniyat va turizm vazirligi mutasaddilari tomonidan Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyevga “Sentob – turizm qishlog‘i” ekanligini rasman tasdiqlovchi sertifikat va tashakkurnoma topshirildi. Shu bilan birga, “Sentob” MFY raisi Murod Mirzoyev ham tashakkurnoma bilan taqdirlandi.

Tojikistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Aziz Rahmonzoda tadbirda so‘zga chiqib, “Sentob” qishlog‘i aholisini turizm qishlog‘i maqomi bilan tabrikladi.

Turizm qishlog‘i ochilish marosimida, shuningdek, milliy qadriyat va anʼanalarimiz o‘z aksini topgan madaniyat va sport dasturlari ham namoyish etildi. 

Bundan tashqari, qishloq ahli tomonidan Navro‘z bayramining asosiy taomi hisoblangan sumalak tayyorlandi.

Taʼkidlash joizki, turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida qishloqqa olib boruvchi 5 km ichki yo‘l taʼmirlandi. Shu bilan birga, tungi yoritish chiroqlari, ikkita piyodalar ko‘prigi, ikkita selfi hudud, uchta sanitariya-gigiyena shoxobchasi, “Sentob” qishlog‘ining ramziy kirish stellosi, turistik axborot markazi qurilib, foydalanishga shay holatga keltirildi. Oilaviy mehmon uylari va hostellarga belgilangan standartlar asosida ko‘rsatkichlar o‘rnatildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72314 | Инструменты