Kinochilar uyida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligida yaratilgan O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, davlat madhiyasi matni muallifi Abdulla Oripov haqidagi badiiy filmning maxsus namoyishi o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, “Abdulla Oripov” filmi nafaqat shoirning oila aʼzolari bilan balki, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo kabi mutaxassislarning taklif va mulohazalari ostida ishlandi.
Taqdimotda shoirning rafiqasi Hanifa Mustafoyevaning Shavkat Mirziyoyevga va film yaralishida o‘z hissasini qo‘shgan barchaga yo‘llangan tashakkurnomasi o‘qib eshittirildi.
Filmda Abdulla Oripovning Qashqadaryo viloyati Koson tumani Neko‘z qishlog‘ida o‘tgan va ijodga ilk qadam qo‘ygan bolalik yillari, Toshkent shahrida o‘tkazgan talabalik davrlari, ijod namunalarining ilk nashri, uning shoir bo‘lib shakllanishidagi hissiyotlari va tuyg‘ulari, shoirga xos sevgisi, mashhurlikning kelishi va Amerikada o‘tgan so‘nggi yillari ochib beriladi.
Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqovning ma'lumotiga ko'ra, 2017-yilda agentlik buyurtmasiga binoan 23 ta film yaratilgan bo‘lsa, 2022-yil davomida 158 ta badiiy va hujjatli filmlar ishlab chiqarildi. Ayni paytda tarixiy va zamonaviy mavzularda o‘nlab filmlar ishlab chiqarish jarayonida turibdi.
Filmning tasvirga olish ishlari Qashqardaryo viloyatining Neko‘z qishlog‘ida, Toshkent shahrida, Toshkent viloyatining Yangiobod shaharchasida hamda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Xyuston, Los-Anjeles va Nyu-York shaharlarida olib borildi.
Filmda bosh rollarni “Do‘stlik" ordeni sohibi, Abdulla Oripovning shogirdi, shoir Shodmonqul Salom va mahoratli aktrisa Rayhon Asadova ijro qilgan. Shuningdek, Abdulla Oripovning keksalik davrini O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Qudratilla Burxonov, shoirning rafiqasi Hanifa Mustafoyeva rolini esa O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova ijro qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62723 | Инструменты