Joriy yilda fermer xoʻjaliklari paxta yetishtirishdan 13–14 trln soʻm sof foyda olishi kutilmoqda

Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda vazirlik va tizim tashkilotlari mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda paxtachilikda erishilgan tarixiy natijalar, sohadagi ilmiy-innovatsion yangilanishlar va kelgusi vazifalar haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, 2026 yilda mamlakatda ilk bor 5 million tonnadan ortiq paxta xomashyosi yetishtirildi. Hosilni yigʻib olishda 3 mingdan ortiq zamonaviy paxta terish mashinasidan foydalanilib, hosilning 85 foizi 30–35 kun ichida terib olindi. Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida mexanizatsiyalashgan terim darajasi 100 foizga yetdi.

Mazkur natijalar zamirida selektsiya, genetika va biotexnologiya yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish, zamonaviy agrotexnologiyalar va suv tejovchi usullarni joriy qilish kabi tizimli islohotlar mujassam. Xususan, Xitoy tajribasi asosida 76 ta sxemada qoʻsh qatorlab ekish, plyonkadan foydalanish va tomchilatib sugʻorish texnologiyalari qoʻllanilmoqda.

Yana bir muhim koʻrsatkich: joriy yilda fermer xoʻjaliklarining paxta yetishtirishdan 13–14 trillion soʻm sof foyda olishi kutilmoqda.

Kelgusi mavsum uchun esa oʻrtacha hosildorlikni gektariga 65–70 sentnerga yetkazish maqsad qilingan. Bu borada ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, serhosil navlarni joriy etish, raqamlashtirish va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110615 | Инструменты