Huawei 1
Afg‘onistonlik investorlar Gulistonda 5 mln dollarlik loyihalarni amalga oshiradi

Afg‘onistonlik investorlar — Mirzad Mir Ahmad Zaheen va Mir Nasir Ahmad Mirzad Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida umumiy qiymati 5 million AQSH dollariga teng investitsiya loyihalarini amalga oshirish niyatida. Ular ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi hamda ichimlik suvini qadoqlash sexlarini tashkil etish bo‘yicha aniq takliflar bilan chiqishdi.

Dastlabki kelishuvlarga ko‘ra, investorlar tumandagi ko‘p qavatli uy-joylarga ulushdor sifatida kirish va kichik sanoat zonasidan 0,96 gektar yer maydonini auksion orqali xarid qilib, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarish sexini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Buning uchun zarur uskunalar xorijdan olib kelinadi.

Mazkur loyihalar Guliston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev va investorlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilindi. Uchrashuv ochiq va samimiy ruhda o‘tib, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ayniqsa, investitsiya sohasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlandi.

Investorlarga A.Yassaviy mahallasidagi ko‘p qavatli uy-joy qurilishi uchun mo‘ljallangan yer maydonlari hamda Ahillik mahallasidagi kichik sanoat zonasi faoliyati tanishtirildi. Sanoat zonasidagi imkoniyatlar, ishlab chiqarish qulayliklari va yaratilgan sharoitlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, afg‘onistonlik mehmonlar tumanning turizm salohiyatini o‘rganishga ham katta qiziqish bildirdi va bu yo‘nalishda qator loyihalarni amalga oshirish niyatida ekanliklarini ma’lum qilishdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82709 | Инструменты