Huawei 1
AQSHda ilk bor qurilish materiallari sohasida “Amerika – O‘zbekiston” biznes-forumi o‘tkazildi

Joriy yilning 2-dekabr kuni Pensilvaniya shtati (AQSH)da ilk bor qurilish materiallari sohasida “Amerika – O‘zbekiston” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Forum doirasida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega 50 dan ortiq turdagi qurilish materiallari namoyishiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etilib, o‘ndan ziyod eksport shartnomalari imzolandi.

O‘zsanoatqurilishbank, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va O‘zbekiston Respublikasining AQSHdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan biznes-forumda O‘zbekistonning “Basalt Uzbekistan”, “Alcopon Standart Trade”, “Sanfa Engineering”, “Benkam”, “Akfa extrusions”, “First Global Stone”, “Geobasalt Products”, “Marmar_Uz”, “Zetomaksimum” kabi yirik ishlab chiqaruvchilari, shuningdek AQSHdagi qurilish kompaniyalari, developerlar, distribyutorlar va riteylerlarning yetakchi vakillari ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston qurilish materiallari sanoatidagi yutuqlar hamda bunga omil bo‘layotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotni liberallashtirish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish, soliq yukini kamaytirish, xususiy sektorni, shu jumladan eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash kabi ko‘pgina yo‘nalishlarda muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish bilan birga, xorijiy investorlar uchun qulay muhit yaratishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Xususan, o‘tgan besh yilda O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasiga kiritilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 15 mlrd. dollardan oshdi, shundan 9 mlrd. dollardan ortig‘i to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni tashkil etdi.Biznes-forum Amerika bozoriga mahalliy qurilish mahsulotlarini tanitish va eksport qilish bo‘yicha aloqalar o‘rnatish uchun katta imkoniyat yaratgan yuqori darajadagi platforma bo‘ldi.

Tadbirda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ishonchli o‘sishda davom etayotgani ma’lum qilindi. Forum ikki mamlakat o‘rtasidagi barqaror va o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Aytish joizki, 2023-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan davrga nisbatan 2 baravarga ortib, 657,2 mln. dollarni tashkil etgan. Joriy yilning to‘qqiz oyida esa ushbu ko‘rsatkichlar 672 mln. dollarga yetgan. Shu bilan birga, O‘zbekistondan AQSHga mahsulot eksporti 170 foizga o‘sib, 260 mln. dollardan oshgan.

Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi ijrochi direktori Yelena Son sifat, barqarorlik va innovatsiyalarni o‘zida mujassam etgan o‘zbek qurilish materiallarining o‘ziga xosligini urg‘uladi. “Forum O‘zbekiston ishbilarmonlari hamjamiyati uchun shunchaki biznes muloqot maydoni emas, balki noyob, sifatli va barqaror mahsulotlarni namoyish etishga qulay sharoit tug‘dirdi”, – dedi u.

– O‘zbekiston rivojlangan infratuzilmaga ega, biznes yuritish uchun juda qulay, xavfsiz va mehmondo‘st mamlakatdir, – deydi “Basalt International Inc.” (AQSH) kompaniyasi savdo bo‘yicha direktori Li Berri. – Shuning uchun biz biznesimizni rivojlantirishda “Basalt Uzbekistan” kompaniyasi bilan hamkorlik qilishdan juda mamnunmiz. Butun Yevroosiyo mintaqasida talabni qondirish uchun O‘zbekistonning istiqbolli bozorida yangi ishlab chiqarishni tashkil etish niyatidamiz.

Forum doirasida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega 50 dan ortiq turdagi qurilish materiallari namoyishiga bag‘ishlangan ko‘rgazma hamda B2B uchrashuvlari tashkil etildi.

Unda ikki mamlakat ishbilarmonlari to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib bordi, hamkorlikda investitsiya loyihalarini amalga oshirish va qo‘shma korxonalar tashkil etish istiqbollarini muhokama qildi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Nyu-York va Nyu-Jersi shaharlarida qurilish materiallarini tarqatish imkoniyatlari bilan ham tanishdi, tegishli savdo maydonchalari va shou-rumlarda bo‘ldi. O‘zbekiston brendlarining doimiy savdo vakolatxonasi va shou-rumini ochish, shuningdek mahsulotlarni sertifikatlashtirish jarayonlarini boshlash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120422 | Инструменты