Shuningdek, Ozarbayjon rasmiylari bilan O‘zbekistonda anor, danaksiz uzum yetishtirish, funduk plantatsiyasini barpo qilish, gul yetishtirish va efir moyini ishlab chiqarish, 2 ming tonna quritilgan mahsulotlarni import qilish masalasida kelishib olindi.
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Akmaljon Qosimov boshchiligida Ozarbayjonning bir qator yirik holding kompaniyalari qabul qilingan "Yo‘l xarita"si ijrosi bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Ozarbayjonning "Agrarko" (J.Kazimov), "Azerose" (B. Xerachiyev), “Azersun” (M. Gozel), "Agro Food Investments LLS" (V. Navruzov), “Azer Shakar” kabi bir qator yirik holding kompaniyalar vakillaro hamda Ozarbayjon Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rinbosari E.Zeynalov ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda anor, danaksiz uzum yetishtirish, funduk plantatsiyasini barpo qilish, gul (atirgul, lavanda va bosh.) yetishtirish va efir moyini ishlab chiqarish va olingan hosilni qayta ishlash loyihasini amalga oshirish, 2 ming tonna quritilgan mahsulotlarni (o‘rik, mayiz va boshqalar) import qilish masalasida kelishib olindi.
Shuningdek, Ozarbayjondan choy mahsulotini eksport qilish orqali O‘zbekistonda choyni birlamchi qayta ishlash, qadoqlash hamda choy yetishtirish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish belgilandi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda lalmi maydonlarni tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari asosida o‘zlashtirish va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish masalasini o‘rganib chiqish muhokama qilindi.
Bundan tashqari ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda ilmiy izlanishlarni olib borish, paxta urug‘chiligi ta’minoti va pillachilik yo‘nalishlarida O‘zbekiston tomonidan amaliy yordam ko‘rsatish masalalari kelishib olindi.
Uchrashuv so‘ngida 2024-yil mart oyida Ozarbayjon-O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi Ishchi guruhining ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish borasida kelishuvga erishildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60914 | Инструменты