Farg‘onada Xitoyning “Shandong Swan Cotton Industrial Machinery Stock Co. Ltd” kompaniyasi tomonidan amalga oshirishga kirishilayotgan paxta terish mashinalarini yig‘ish, texnikalarga servis xizmati ko‘rsatish markazi hamda mexanizatorlar uchun o‘quv markazi tashkil etish loyihasiga start berildi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, “O‘zagrolizing” AJ boshqaruv raisi Nodir Otajonov, “Shandong Swan Cotton Industrial Machinery” kompaniyasi boshqaruvi vakillari, tumanlar hokimlari, viloyatimiz hamda qo‘shni vodiy viloyatlari klasterlari rahbarlari, fermerlar ishtirok etdilar.
Viloyat hokimi boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegatsiyasi, joriy yil yanvar oyida Xitoyga amaliy tashrifi davomida Xitoyning paxta terish mashinalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik kompaniyalarida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari hamda texnikalar sifati bilan joyida tanishgandi. Ushbu o‘rganishlar natijasida 1946 yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelayotgan hamda dunyoning 30 dan ortiq davlatlariga o‘z texnikalarini eksport qilib kelayotgan “Shandong Swan Cotton Industrial Machinery” kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatishga kelishildi.
Davlat rahbarining respublikada paxta yig‘im-terimida qo‘l mehnati ulushini kamaytirish, terimni mexanizatsiyalashgan shaklda tashkil qilish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosi doirasida amalga oshiriladigan ushbu loyiha, paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda fermerlarga zamonaviy hamda sifatli, maqbul narxdagi paxta terim mashinalarini sotib olishga qulaylik yaratadi. Farg‘ona shahridagi sobiq Mexanika zavodi hududiga joylashtiriladigan ushbu loyiha, texnikalarga servis xizmati ko‘rsatish markazi hamda mexanizatorlar uchun o‘quv markazini ham o‘z ichiga olgani bilan ham yanada ahamiyatlidir.
Ushbu paxta terish mashinalarini 20 foizlik dastlabki to‘lov bilan 10 yil muddatga lizing asosida xarid qilish imkoniyati mavjudligi, bunda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklariga 15 foizlik subsidiya berilishi ta’kidlandi.
Viloyat hokimligida “Shandong Swan Cotton Industrial Machinery” kompaniyasi direktori o‘rinbosari Li Zyantayao boshchiligidagi guruh bilan o‘tkazilgan muloqotda, ushbu kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan g‘alla o‘rish kombaynlarini ham joriy yilgi o‘rim mavsumida sinovdan o‘tkazishga kelishib olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120414 | Инструменты