Gaz eskportidagi O‘zbekiston va Xitoy statistikasidagi farq qanday kelib chiqmoqda? Energetika vaziri javob berdi

Davlat statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 11 oyda 910,8 mln dollarlik, shu jumladan, noyabr oyida 39,6 mln dollarlik gaz eksport qilgan. Bugungi kunda mamlakat gazni faqat Xitoyga yetkazib bermoqda. Ammo, Xitoy statistik maʼlumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon O‘zbekiston tomonidan yetkazib berilgan gaz hajmi 1,03 mlrd dollarni (O‘zbekiston tomoni maʼlumotlaridan 13 foizga ko‘p), noyabrda esa 114,2 mln dollarni (farq qariyb 3 barobar) tashkil etgan. Ko'rinib turibdiki, O‘zbekistonning Xitoyga gaz yetkazib berish statistikasi Xitoy tomoninikidan bir necha barobar past bo‘lib chiqdi.

Shu bois Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov gaz eskportidagi O‘zbekiston va Xitoy statistikasidagi farq qanday kelib chiqayotgani haqida ma'lumot berdi.

"Bu yerda tan olish kerak, ikki mamlakatning statistik hisobotlarida farq bor. Sababi, bizning statistikada faqatgina eksport qilingan gazning hajmi va uning summasi chiqqan bo‘lsa, Xitoy tarafi esa, umuman O‘zbekistondan import qilingan tovar va mahsulotlar xizmatlarini inobatga olgan.

Va bu yerda O‘zbekistondan eksport qilingan gazdan tashqari, O‘zbekiston hududidan Turkmanistondan tortib Xitoygacha ketgan gaz quvuri bor. U yerda bizning hududda “Aziatransgaz” qo‘shma korxonasi bor. Ushbu korxona gaz transportini amalga oshirib beradi.

Yaʼni O‘zbekiston hududidan transport qilingan gaz va tranzit xizmatlari uchun to‘langan pul. Mana shu ikkita summani qo‘shganda Xitoy statistikasi bergan raqam kelib chiqadi", - deydi vazir.

Bu holatga Davlat statistika qo‘mitasi ham munosabat bildirdi.

"Yanvar-noyabr oylarida Davlat bojxona postlaridan bojxona deklaratsiya rasmiylashtirib o‘tilgan tabiiy yoki sunʼiy gaz eksporti qiymati 910,9 mln AQSH dollarini tashkil etgan. Bu maʼlumotlar idoraviy maʼlumot sifatida Davlat statistika qo‘mitasiga taqdim etilgan", — deyiladi qo'mita xabarida.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты