Islom moliyasi Yevrosiyo taraqqiyot banki (YTB) bilan vositachilik orqali 2028-yilgacha Markaziy Osiyo mamlakatlariga yangi sarmoyalar va qo‘shimcha 2 milliard dollar olib keladi. Bu haqda YTB boshqaruvi raisi o‘rinbosari Ruslan Dalenovga tayanib, “TASS” xabar berdi.
"Islom moliyasi Markaziy Osiyo mamlakatlariga yangi investitsiyalar, moliyaviy tizimni mustahkamlash, ichki moliyaviy resurslarni safarbar qilish, moliyaviy mahsulotlarni diversifikatsiya qilish, aholi talabini qondirish va 2028-yilga qadar YTB bilan vositachilikda qo‘shimcha 2 milliard dollar olib kelishi mumkin", — deydi Dalenov.
U bank islomiy moliyalashtirishni olib borishi uchun 20 yillik tajriba, Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi ofislar, keng mijozlar bazasi va odatdagi bank xizmatlarini islomiy bank xizmatlari bilan birlashtirish imkoniyati borligini aytdi.
2024-yilda YTB Islom taraqqiyot banki (ITB) ko‘magida ichki hujjatlarni ishlab chiqadi va protseduralarni yo‘lga qo‘yadi, 2025-yilda esa to‘liq formatda Islom oynasini ishga tushiradi.
Dalenov birinchi navbatda tajriba orttirish va yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirishni boshlash hamda Markaziy Osiyoda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish imkonini beradigan tajriba loyihalari ishga tushirilishini aytdi.
"YTB mintaqada yangi investitsiyalarni jalb qilib, mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotini rivojlantirish uchun yangi vositalar taklif etib, islomiy moliyalashtirishning faol yo‘lboshchisi bo‘lishga intilmoqda", — dedi u.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122217 | Инструменты