“Oltin daqiqa” qoidasini amaliyotga joriy etib, shahar hududlarida qutqaruvchilarning yetib kelish vaqtini 5-7 daqiqaga, shahar markazlaridan tashqari hududlarda esa 15-20 daqiqaga tushirish vazifasi qoʻyildi
Prezident favqulodda vaziyatlarga tezkor javob berish tizimini takomillashtirish, suv omborlari va ularga tutash hududlardan foydalanishni tartibga solish hamda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.
Shaharlarning kengayishi, texnologik rivojlanish va iqlim oʻzgarishi qutqaruv xizmati oldiga yangi vazifalar qoʻymoqda. Ayni paytda ayrim yongʻin-qutqaruv qismlarining joylashuvi, binolari va texnikasi tezkor yordam koʻrsatish talablariga toʻliq javob bermaydi.
Davlat rahbari tizimni yangilashda asosiy mezon inson hayotini saqlab qolish boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Buning uchun “oltin daqiqa” qoidasini amaliyotga joriy etib, shahar hududlarida qutqaruvchilarning yetib kelish vaqtini 5-7 daqiqaga, shahar markazlaridan tashqari hududlarda esa 15-20 daqiqaga tushirish vazifasi qoʻyildi.
Aholisi 250 mingdan ortiq tuman va shaharlardagi 25 ta yongʻin-qutqaruv qismini qayta tashkil etish va zamonaviy texnika bilan taʼminlash rejalari haqida axborot berildi. Shuningdek, murakkab sharoitlarda ishlaydigan “Madad” milliy koʻp tarmoqli maxsus qutqaruv markazi, aviatsiya-qutqaruv boʻlimi hamda favqulodda vaziyatlarni boshqarish boʻyicha ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklif etildi.
“112” yagona dispetcherlik xizmati faoliyatini takomillashtirish, murojaat kelib tushgan paytdan uning ijrosigacha boʻlgan jarayonni kuzatish, tegishli xizmatlar oʻrtasida axborot almashinuvini kuchaytirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Sohada raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan kengroq foydalanish zarurligi qayd etildi.
Suv omborlarida qutqaruv xizmatini kengaytirish zarurligi ham taʼkidlandi. Mavjud 56 ta suv omborining faqat toʻrttasida bunday xizmat yoʻlga qoʻyilgan. Shu bois, “Karkidon” suv ombori misolida professional qutqaruv tizimini tashkil etish taklifi bildirildi. Qutqaruvchilarni tayyorlash texnikumida dual taʼlim asosida qutqaruvchi-gʻavvoslar tayyorlash, turizm obyektlari xodimlarini favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va birinchi yordam koʻrsatishga oʻqitish rejalashtirilmoqda.
Suv omborlaridan turizm maqsadida foydalanish imkoniyatlari ham koʻrsatib oʻtildi. Hozirgi kunda 5 ta suv omborida turizm tashkil etilganligi, yana 25 tasida bunday xizmatlarni yoʻlga qoʻyish imkoniyati borligi qayd etildi. Mazkur hududlarga investitsiya jalb qilish, yangi ish oʻrinlari yaratish va sayyohlar oqimini koʻpaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Bunda xavfsizlik talablari ustuvor boʻlishi taʼkidlandi. Turistik xizmatlarni sertifikatlash, tadbirkorlarning professional qutqaruv tuzilmalari bilan shartnoma tuzishini majburiy etib belgilash, dam olish maskanlarini qutqaruv qayiqlari, kuzatuv minoralari va suv chuqurligini koʻrsatuvchi belgilar bilan jihozlash taklif qilindi.
Suv omborlari atrofida turizm xizmatlarini tashkil etgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash choralari ham taqdim etildi. Ularga 2029-yil 1-oktabrga qadar yer va mol-mulk soliqlarining yarmini toʻlash, GPS, qutqaruv va xavfsizlik uskunalari uchun bojxona toʻlovlarini 120 kunga kechiktirish yoki boʻlib toʻlash imkoniyatini berish nazarda tutilmoqda. Ushbu hududlardagi yer uchastkalarini sotishdan tushgan mablagʻlarni tashqi muhandislik tarmoqlari va yoʻl infratuzilmasini rivojlantirishga yoʻnaltirish taklif etildi.
Xavfli oʻzgarishlarni erta aniqlash uchun mahalliy ogohlantirish tizimlari, videokuzatuv, seysmologik uskunalar va raqamli nazorat vositalarini kengroq joriy etish choralari koʻriladi.
Taqdimot yakunida davlat rahbari masʼullarga qutqaruv xizmatining tezkorligini oshirish, suv omborlarida professional qutqaruv xizmatini yoʻlga qoʻyish va turizm obyektlarida xavfsizlik talablarini aniq belgilash yuzasidan topshiriqlar berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102021 | Инструменты