Issiqxona - serdaromad biznes

Bugungi kunda hukumat tomonidan yaratilayotgan qulayliklar va berilayotgan soliq imtiyozlaridan oqilona foydalangan ishbilarmonlar ishlab chiqarishni rivojlantirish orqali eksport salohiyatini ham kengaytiryapti. Jumladan issiqxona barpo etish va mahsulotlar yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar nafaqat ichki, balki tashqi bozorni ham sifatli mahsulotlar bilan ta’minlab kelmoqda.

O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki ko‘magida Andijon viloyatida “Sharq yulduzi” MCHJ samarali faoliyat yuritmoqda.

Bank yordamida qurilgan issiqxonalarda turli poliz ekinlari yetishtirilmoqda. Tez orada bu yerda pomidor hamda bodring hosili yig‘ib olinadi. Tez kunlarda ushbu mahsulotlar hosilga kirib, chet davlatlarga eksport qilish boshlab yuboriladi.

Issiqxonada 10 tagacha yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, mahsulotlar tayyor bo‘lishi arafasida yana 20 ta mavsumiy ish o‘rni tashkil etiladi. Ta’kidlash joiz, issiqxona serdaromad biznes yo‘nalishi hisoblanadi. Faqatgina haroratni bir maromda ushlash va o‘simliklarni kerakli miqdor va vaqtda dorilash kifoya. Yil davomida 3 marotaba mahsulotlarni yetishtirish imkoniyati mavjud. Bu esa yilning to‘rt faslida aholini sifatli mahsulotlar ta’minlash imkonmiyati deganidir.


“Sharq yulduzi” MCHJda xozirgi kunda 15 sotix yerda bodring va 50 sotixda pomidor yetishtirilmoqda. Mahsulotlarning asosiy qismi chet davlatlarga eksport qilinishi ko‘zlanmoqda, ayni shu sababdan ham pomidorning qattiq va chidamli sorti yetishtirilayapti. O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Andijon filiali tomonidan ajratilgan kredit hisobidan o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik subyekti bir mavsumning o‘zida taxminan 60-70 tonnagacha mahsulot olishni rejalashtirmoqda.

Yaqin orada pomidor va bodring qatoridan boshqa poliz ekinlari ham joy olishi kutilmoqda. Buning uchun qo‘shimcha maydonlarda yangi issiqxona bunyod etilyapti.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты