Huawei 1
Jahon banki: O‘zbekiston 2024-yilda Yevropa va Markaziy Osiyoda eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlar uchligiga kirdi

Jahon bankining bugun e’lon qilingan Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyoti bo‘yicha hisobotida ta’kidlanishicha, bir qator inqirozlardan so‘ng ushbu mintaqadagi rivojlanayotgan mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish barqarorlashmoqda, ammo ko‘rsatkichlar 2000-yillar boshiga nisbatan ancha past darajada qolmoqda.

Prognozlarga ko‘ra, joriy yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy o‘sish 2023-yildagi 3,5 foizdan 3,3 foizgacha sekinlashishi, 2025-yilda esa 2,6 foizgacha sekinlashishi mumkin. Bu 5,1 foizni tashkil etgan 2000-2009-yillardagi o‘rtacha yillik ko‘rsatkichdan ancha past ko‘rsatkich.

Mintaqa mamlakatlari yuqori darajadagi inflyatsiya, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatlari va Yevropa Ittifoqida, mintaqaning asosiy eksport bozorida iqtisodiy faollik darajasining sekin o‘sishi ortidan yuzaga kelgan so‘nggi shoklarni muvaffaqiyatli yengib o‘tdilar.

Hozirgi vaqtda Yevropa va Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish asosida ish haqining oshishi, aholiga davlat to‘lovlari va inflyatsiyaning sekinlashuviga tayanuvchi xususiy iste’mol turibdi.

Pul o‘tkazmalari oqimi ham COVID-19 pandemiyasi boshlanishidan oldin kuzatilgan darajadan oshdi. Pul o‘tkazmalari G‘arbiy Bolqon, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shishda davom etmoqda.

2024-yilda mintaqaning 20 dan ortiq mamlakatlari orasida YaIMning eng yuqori o‘sishi Gruziya (7,5%), Tojikiston (7,2%), O‘zbekiston (6%), Qirg‘iziston Respublikasi (5,8%) va Armanistonda (5,5%) kuzatilmoqda.

2025-yilga bo‘yicha prognozlar O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotning 5,8 foizga o‘sishi bilan mintaqada iqtisodiy o‘sish bo‘yicha yetakchi o‘ringa chiqib olishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Ukrainada iqtisodiy o‘sishning joriy yilda 3,2 foizgacha (o‘tgan yili - 5,3 foiz) va 2025-yilda 2 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda, bu Rossiyaning mamlakatga bostirib kirishi va energiya ta’minotidagi katta uzilishlar tufayli jiddiy zarar ko‘rilganligi bilan bog‘liq.

Rossiyada pul-kredit siyosatining qat’iylashtirilishi hamda ishlab chiqarish quvvatlari va mehnat resurslari tanqisligining kuchayishi natijasida iqtisodiy o‘sish sur’atlarining joriy yilda 3,2 foizgacha (2023-yilda - 3,6 foiz) va 2025-yilda 1,6 foizgacha pasayishi kutilmoqda.

Mintaqaning Rossiyadan keyingi eng yirik iqtisodiyoti bo‘lgan Turkiyada iqtisodiy o‘sish 2023-yildagi 5,1 foizdan joriy yilda 3,2 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda.

Ma’ruzaning maxsus bo‘limi Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish omillaridan biri bo‘lgan inson kapitalining roliga bag‘ishlangan. Uzoq muddatli istiqbolda mehnat unumdorligining o‘sishini jadallashtirish uchun mamlakatlar o‘rta va oliy ta’lim sifatini sezilarli darajada oshirishlari kerakligi ta’kidlangan.

Mintaqadagi ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida aholi ta’lim bilan keng qamrab olingan. Muammo so‘nggi paytlarda pasayib borayotgan ta’lim sifati bilan bog‘liq. Xususan, so‘nggi 10 yil ichida mintaqa mamlakatlarida o‘quvchilarning ta’limdagi ko‘rsatkichlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur (PISA) testlarida to‘playotgan ballar soni keskin pasaydi. Ushbu dastur 15 yoshli o‘quvchilarning bilim ko‘nikmalarini baholaydi.

Tayanch (boshlang‘ich va o‘rta) ta’limning sifatining qoniqarsizligi, ayniqsa, mintaqa mamlakatlaridagi notinch oilalar a’zolari bo‘lgan o‘quvchilar misolida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Hisobotda oliy ta’lim tizimlarining kamchiliklari qatorida mintaqadagi oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv dasturlarining eskirganligi, ularning uskunalari va infratuzilmasiga investitsiyalarning yetishmasligi, shuningdek, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarining mehnat bozori ehtiyojlariga mos kelmasligi qayd etilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101720 | Инструменты