So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki baravardan ortiq o‘sdi va joriy yil oxiriga qadar bu ko‘rsatkich 5 milliard dollarga yaqinlashadi. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev O‘zbekiston va Qozog‘iston tadbirkorlari o‘rtasida o‘tkazilgan biznes-forum davomida maʼlum qildi.
Vazirning taʼkidlashicha, ikki davlat faol import o‘rnini bosish orqali o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirgan.
“Bu maqsadni amalga oshirish uchun yaqin kelajakda qo‘shma tashqi savdo kompaniyasi tashkil etiladi”, dedi Jamshid Xo‘jayev.
Vazir bir oy muddatda 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma hududlararo ko‘rgazmalar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlashni taklif qildi. Uning maʼlum qilishicha, Toshkent va Turkiston, Navoiy va Qizilo‘rda viloyatlari o‘rtasida butun yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yana-da kengaytirish bo‘yicha yo‘l xaritalari imzolanadi.
Shu bilan birga Jamshid Xo‘jayev qozog‘istonlik hamkorlarni O‘zbekistonda birgalikda meva-sabzavot yetishtirish, shuningdek, Qozog‘istonda qoramol, g‘alla, moyli va yem-xashak ekinlari yetishtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni taklif qildi.
“Iqtisodiyotning ko‘plab soha va tarmoqlarida O‘zbekiston va Qozog‘iston raqobatchi emas va bir-birini samarali to‘ldirishi mumkin”, dedi vazir.
Aytib o‘tish lozim, O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 1200 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Besh yil avval bu ko‘rsatkich deyarli 6 barobar kam edi. Faqatgina joriy yilning 9 oyida 130 qo‘shma korxona tashkil etildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 30 dan ortiq qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11603 | Инструменты