Batumida bir necha kishi Gurjiston sobiq bosh vaziri va «Gurjiston uchun» muxolif partiyasi asoschisi Georgiy Gaxariyaga hujum qildi. Bu haqda «Rustavi 2» telekanali partiya a’zolariga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur voqea Sheraton mehmonxonasida sodir bo‘lgan. Hujumga uchragan Gaxariya shifoxonaga olib borilgan.
Keyinroq Batumi klinikasi shifokori jurnalistlarga Gaxariyaga miya chayqalishi va burun suyagi sinishi tashxisi qo‘yilganini ma’lum qilgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, siyosatchi o‘z xohishiga ko‘ra shifoxonani tark etgan.
Gaxariyaning kaltaklanishiga «Gorniye novosti» nashri muharriri Gela Mtivlishvili guvoh bo‘lgan. Uning aytishicha, sobiq bosh vazirga Gurjiston parlamenti va Adjariya Oliy kengashi deputatlari hujum qilgan.
Gurjiston IIV holat yuzasidan tergov harakatlarini boshlagan.
Georgiy Gaxariya 2019 yildan beri Gurjiston bosh vaziri lavozimida ishlab kelayotgan edi. Bu lavozimga uni hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi ilgari surgan. 2021 yilda u iste’fo bergan. Bunga Gaxariya «Yagona milliy harakat» yetakchisi, Mixail Saakashvilining ittifoqchisi Nika Meliyaning hibsga olinish masalasida «jamoa bilan kelishmovchilikka borgani» sabab qilib ko‘rsatilgan. O‘sha yilning mayida Gaxariya o‘zining «Gurjiston uchun» partiyasini tashkil etgan. Oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda u parlamentga o‘tish uchun yetarlicha ovoz to‘plagandi, ammo boshqa muxolif partiyalar kabi «Gurjiston orzusi» partiyasining g‘alabasidan norozi bo‘lib, mandatlardan voz kechdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11523 | Инструменты