Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasining Oqtov yaqinida halokatga uchragan samolyoti qora qutilaridan Braziliyada olingan ma’lumotlar Qozog‘istondagi maxsus komissiyaga berildi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.
«Transport vazirligining Havo kemasi halokatini tekshirish komissiyasi ICAO 13 ilovasi standartlari va tavsiya etilgan amaliyotiga muvofiq, barcha faktlar va materiallar batafsil o‘rganilgandan so‘ng, aniqlangan ma’lumotlarni taqdim etadigan dastlabki hisobotni va tergovning borishi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi», deyiladi xabarda.
Registratorlarning Qozog‘istonga yetib kelgan ma’lumotlari mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda.
Avvalroq Qozog‘iston Transport vazirligi aviahalokatning dastlabki sabablari 30 kun ichida e’lon etilishini ma’lum qilgandi.
25 dekabr kuni Bokudan Grozniyga uchayotgan Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli Embraer 190 samolyoti Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida halokatga uchradi. Hodisada 38 kishi halok bo‘ldi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, «Rossiya havo hududida yuz bergan fojiali voqea» uchun uzr so‘radi. Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, samolyot Rossiya hududida «tashqi ta’sirga uchragan», shu tufayli Rossiya aviahalokatda «aybini tan olishi», aybdorlar jazolanishi va jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak.
Embraer 190 samolyoti Braziliyada ishlab chiqariladi. Shu tufayli tergovga ushbu mamlakat vakillari ham jalb qilingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11523 | Инструменты