O'zbekiston elchixonasi ko'magida Malayziyaning "Nexus Green Resources Sdn Bhd" kompaniyasi bosh ijrochi direktori Badrul Xisham va direktorlar kengashi raisi Ng Su Bun boshchiligidagi delegatsiyaning Qashqadaryo viloyatiga biznes-missiyasi tashkil etildi.
Safar viloyatda kichik turdagi gidroelektr stansiyalarini (GES) qurishga sarmoya kiritish imkoniyatlarini o'rganish maqsadida uyushtirildi.
Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov Malayziya delegatsiyasini qabul qildi. Muloqot chog'ida ushbu jabhadagi loyihani viloyatda amalga oshirishda kompaniya hokimlik tomonidan har tomonlama qo'llab-quvvatlanishi ma'lum qilindi.
Malayziya vakillari viloyatda mavjud daryo va kanallarda suv oqimidan oqilona foydalangan holda GESlarni qurish loyihasini mahalliy hamkorlar bilan birga amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, "Nexus Green Resources Sdn Bhd" va Xitoyning "Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd." kompaniyalari mutaxassislaridan iborat jamoa viloyatda joylashgan daryo va kanallarga tashrif buyurib, ularda kichik GESlarni joylashtirishning texnik imkoniyatlari va samaradorlik ko'rsatkichlarini o'rgandi.
Bundan tashqari, safar davomida, kompaniya rahbariyati IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish va uning doirasida Qashqadaryo viloyati hokimligi, Energetika vazirligi va "Nexus Green Resources Sdn Bhd" kompaniyasi o'rtasida dastlabki shartlarni belgilash to'g'risidagi bitimni imzolashni rejalashtirmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60912 | Инструменты