Huawei 1
Markaziy bank O‘zbekistonda uy-joy narxlari tez oshayotganiga izoh berdi

O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida uy-joy narxlari ortiqcha baholanib, aholi daromadlaridan tezroq o‘smoqda. Bu haqda Markaziy bank 2023-yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhida maʼlum qildi.

Yillar davomida yuqori surʼatlarda o‘sib borayotgan uy-joylarning bozor qiymati ushbu aktivlarga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda. Yuqori talab sharoitida taklif hajmining sezilarli ortda qolishi uy-joy narxlarining fundamental omillarga, xususan, aholi daromadiga bog‘liq bo‘lmagan holda o‘sishini yuzaga keltirmoqda.

Bundan tashqari, uy-joylarni ijaraga berish orqali ko‘rish mumkin bo‘lgan rentabellik darajasining pasayishiga qaramay, spekulyatsiya omili taʼsirida ko‘chmas mulk bozorida yuqori faollik va talab hajmi ortgan.


Markaziy bank tahliliga ko‘ra, 2023-yil davomida ko‘chmas mulk bozorida uy-joylarning o‘rtacha bozor narxi asl narxidan 24 foizgacha yuqori baholanishi kuzatilgan.

“So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni xarid qilish xususiyati birlamchi ehtiyojni qondirishdan investitsiyaga o‘zgardi. Mamlakatda kapital bozorining yetarli darajada shakllanmagani, moliya instrumentlarning ommalashmagani, ko‘chmas mulk bozorida uy-joy narxlarining o‘sish surʼati bank depozitlari daromadliligiga nisbatan ham yuqori bo‘lishi aholi tomonidan ko‘chmas mulk bozoriga sarmoya kiritishni yuqori rentabelli aktiv sifatida qaralmoqda”, — deyiladi manba axborotida.

Aholi xarid qobiliyati qisqargan

Sharhda o‘tgan yili O‘zbekistonda aholining uy-joy xarid qilish imkoniyatlari qisqargani keltirilgan. Mamlakat aholisining o‘rtacha iqtisodiy holatini ifodalovchi aholi jon boshiga hisoblangan nominal yalpi ichki mahsuloti (YIM) miqdoriga nisbatan uy-joy narxlarida yuqoriroq o‘sish kuzatilgan. Xususan, 2023-yil yakuniga ko‘ra, bir kvadrat metr uchun uy-joy narxining aholi jon boshiga hisoblangan nominal YIMga nisbati 30 foizni tashkil etib, 2022-yilning mos davriga qaraganda to‘rt foiz bandga ortgan. Ushbu nisbatning ortishi aholining ko‘chmas mulk bozorida uy-joy sotib olish qobiliyatining pasayganini ifodalaydi.

Ko‘chmas mulk bozoridagi uy-joy narxlarining shakllanishiga aholining rasmiy daromadiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa omillar ham taʼsir ko‘rsatmoqda.

“2023-yilda uy-joy narxlarining bozor qiymati yillik 36 foizga, aholining o‘rtacha oylik ish haqi esa 17 foizga o‘sgan. Natijada uy-joy narxlarining bozor qiymati aholining o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan yillik hisobda qariyb 2,1 marta tezroq o‘sgan. 2023-yilda O‘zbekistonda ushbu ko‘rsatkich ayrim Markaziy Osiyo, Kavkaz va boshqa davlatlar ko‘rsatkichlariga nisbatan yuqori shakllangan”, — deyiladi sharhda.

Ipoteka kreditlari ulushi

Notarial tasdiqlangan shartnomalar soni 2023-yilda 350 mingtani tashkil etib, 2022-yilga nisbatan 4,4 foizga oshgan. Shuningdek, o‘tgan yilda mehnatga layoqatli yoshdagi har mingta aholiga to‘g‘ri keladigan ipoteka krediti oluvchilar soni 11 foizga o‘sgan.

O‘tgan yilda ajratilgan ipoteka kreditlarining asosiy qismi uy-joylarni xarid qilishga yo‘naltirilgan. Berilgan ipoteka kreditlarining o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 18 foizni, o‘rtacha tortilgan muddati 17,5 yilni tashkil etgan.

Markaziy bank tahliliga qaraganda, aholining ipoteka kreditlari bo‘yicha to‘lov qobiliyati pasaymoqda. 2023-yilda ajratilgan o‘rtacha ipoteka kreditlari hajmi 2022-yilga nisbatan 38 foizga oshgan. Aholining o‘rtacha daromadi ortgan bo‘lsa-da, ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlar miqdorida kuzatilgan yuqoriroq o‘sish surʼati ipoteka krediti oluvchilar uchun to‘lov qobiliyati bo‘yicha zaifliklarni kuchaytirishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122406 | Инструменты