O‘zbekistonlik talabalar Huawei kompaniyasining Xitoydagi yetakchi ta’lim loyihasida ishtirok etishadi

2025-yilning 17-oktabr kuni Huawei kompaniyasining Seeds for the Future ta’lim loyihasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistondagi oltita universitetdan 10 nafar talaba 2025-yilning 19-25-oktabr kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tadigan dasturda ishtirok etish uchun tanlab olindi. Tadbirda Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi, IT ta’lim uyushmasi nodavlat notijorat tashkiloti vakillari, universitet rahbarlari, Seeds for the Future dasturining o‘tgan yillardagi bitiruvchilari ishtirok etdi.

Marosimda Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi direktori Azamat Eshankulov tabrik so‘zi bilan chiqdi. “Yildan-yilga IT Park rezidentlari soni ortib bormoqda va ko‘plab xorijiy IT kompaniyalar ochilmoqda. Shunga ko‘ra, malakali AKT kadrlari va iste’dodlariga talab ortib bormoqda. O‘quvchilarimizning bilim darajasi va raqamli texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotgani hamda yoshlarning Seeds for the Future kabi global tashabbuslardagi ishtirokini ko‘rish bizni xursand qildi. Ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha ko‘nikma va bilimlarni egallash mamlakatimizning kadrlar zaxirasini to‘ldirish jarayonini tezlashtiradi”, – dedi Azamat Eshankulov.

Ushbu muhim taʼlim loyihasi raqamli isteʼdodlarni rivojlantirish, bilim almashish, AKT sohasidagi yangiliklar bilan tanishish va ishtiyoqni oshirish hamda raqamli hamjamiyatni shakllantirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan. Bir hafta davomida 19 mamlakatdan 150 nafar ishtirokchi sunʼiy intellekt, 5G va bulutli hisoblash kabi ilgʻor AKT texnologiyalari boʻyicha intensiv treningdan oʻtadi. Ta’lim olish va tengdoshlari bilan bilim almashish orqali talabalar texnologiyani chuqurroq tushunishadi, kelajakda o‘z sohalarida rivojlanish uchun qo‘shimcha afzalliklarga ega bo‘ladilar va mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshiradilar. Dastur shuningdek, texnologik kompaniyalariga tashriflar, Huawei ko‘rgazma zallariga sayohatlar va o‘zara madaniyatlararo almashinuv tadbirlarini o‘z ichiga oladi.

“Huawei Raqamli O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi, Sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadlariga erishish uchun raqamli kadrlarni tayyorlash, AKT iste’dodini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va ta’lim sohasini raqamlashtirish muhimligini tushunadi. Ta’lim sohasidagi tashabbuslarimiz orqali biz universitetlar bilan hamkorlikda va davlat sektori ko‘magida talabalarga universitetni tamomlashdan oldin amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lish va innovatsiyalarni o‘rganish imkoniyatini taqdim etishga intilamiz, shunda ular AKT sohasida muvaffaqiyatli kelajak qurishga tayyor bo‘ladilar”, – dedi Kevin Vey, Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi inson resurslari bo‘yicha direktori.

2024-yilda O‘zbekistonda talabalar uchun Seeds for the Future flagman dasturi o‘ninchi marta o‘tkazilgan. So‘nggi o‘n yil ichida O‘zbekistondan 162 nafar talaba ushbu ta’lim tashabbusida turli formatlarda ishtirok etdi: Xitoydagi shtab kvartirasida bilim o‘zlashtirdilar, 2023-yilda Qatar va BAAda o‘tkaziladigan mintaqaviy tadbirlarda ishtirok etdilar hamda 2024-yilda O‘zbekistonda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy loyihada qatnashishgan. O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT ta’lim assotsiatsiyasi nodavlat notijorat tashkiloti ko‘magida Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoning 14 davlatidan 150 nafar talaba Toshkentda dasturda qatnashish uchun birlashishdi.

“Xalqaro AKT tanlovlari va taʼlim loyihalarida ishtirok etish yoshlarga oʻz bilim va koʻnikmalarini namoyish etish imkoniyatini beradi, shuningdek, Oʻzbekiston haqida, erishgan yutuqlarimiz, isteʼdodlarimiz hamda raqamli transformatsiyani qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanimiz haqida gapirish imkoniyatini beradi. Huawei kompaniyasi hamkorligi va talabalar uchun bunday turdagi tadbirlar va platformalarni tashkil etgani uchun minnatdormiz. Loyihani Xitoyda muvaffaqiyatli oʻtkazishni tilab qolamiz", - dedi IT ta’lim uyushmasi raisi Nodirbek Barnayev.

Seeds for the Future kompaniyaning korporativ ijtimoiy mas’uliyat bo‘yicha yetakchi tashabbusi bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab AKT iste’dodlarini rivojlantirishga qaratilgan. 2008-yilda ishga tushirilgandan buyon dastur 142 mamlakatdan 19 000 dan ortiq talabalarni o‘ziga jalb qildi va 500 dan ortiq universitetlar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101812 | Инструменты