Huawei 1
Markaziy bank raisi ustav kapitali yetarli bo‘lmagan banklarga qanday chora ko‘rilgani haqida gapirdi

O‘zbekistondagi bir nechta tijorat banklarining ustav kapitali qonunchilikda belgilangan miqdordan kam bo‘lgani uchun ularga nisbatan jazo choralari qo‘llangan. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov 25-iyul kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan jurnalistlar bilan muloqotda maʼlum qildi.

O‘zbekistonda 2023-yil 7-aprel kuni “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilgan. Qonunning 13-moddasiga binoan, 2024-yil 1-apreldan eʼtiboran tijorat banklari ustav kapitalining eng kam miqdori 350 milliard so‘m etib belgilangan.

Markaziy bankda o‘tkazilgan matbuot anjumanida mazkur talabni bajara olmayotgan banklarga qanday sanksiyalar qo‘llanayotgani to‘g‘risida savol berildi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov mazkur savolga javob qaytardi.

“Uch yoki to‘rtta bank ustav jamg‘armasi 1-aprelda belgilangan darajaga yetmagani bo‘yicha ularning kengashi tomonidan maʼlum majburiyatlar olingan. Qayerdan pul tushishi kerak edi, nima sababdan tushmay qoldi, shu kabi masalalar ko‘rsatilgan holda maʼlum majburiyatlar olingan. Biz ularga ustav jamg‘armasini to‘ldirish vazifasini yukladik. Shu bilan birga, aholi bilan ishlash, omonatlar hamda boshqa masalalar bo‘yicha amalga oshiradigan operatsiyalarini cheklab qo‘ydik. 2025-yil 1-yanvardan minimal ustav jamg‘armasiga qo‘yilgan talabni 500 milliard so‘mga yetkazish bo‘yicha ham hamma bankka individual majburiyatlar yuklaganmiz. Biz banklar tomonidan majbariyatlarni bajarmaslik holatlarini kuzatmayapmiz”, dedi Markaziy bank rahbari.

“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, bank ustav kapitali so‘mda shakllantiriladi hamda bank muassislari va aksiyadorlari kiritgan pul mablag‘laridan yoki davlatning qimmatli qog‘ozlaridan tashkil topadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90806 | Инструменты