Huawei 1
O‘zbekiston kelgusi 3-4 yilda maktabgacha taʼlim qamrovini kamida 80 foizga yetkazishni maqsad qilgan

To‘rt yil ichida mamlakatimizdagi kambag‘allik darajasini 23 foizdan 11 foizga tushirishga erishilgani taʼkidlandi. Joriy yil bu ko‘rsatkichni 9 foizgacha, 2030 yilga qadar esa 2 barobar pasaytirish maqsad qilingan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tayotgan OIIB Boshqaruvchilari kengashining to‘qqizinchi yillik yig‘ilishida maʼlum qildi.

“Bizning islohotlarimiz tub negizida tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, odamlarimiz uchun barcha sohalarda yangi ish o‘rinlarini va daromad manbalarini ko‘paytirishdek ustuvor vazifa mujassam.

Shu bilan birga, aholining sifatli taʼlim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, eng og‘ir hududlarda infratuzilma tarmoqlarini barpo etishni qamrab olgan “ko‘p o‘lchovli” kambag‘allikni qisqartirish dasturini amalga oshiryapmiz.

Shu bois ilg‘or xorijiy yondashuvlar asosida eng quyi bo‘g‘in – mahalla darajasiga tushgan holda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Yaqinda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori janob Abxijit Banerji “O‘zbekistondagi mahalla tizimi har bir muhtoj oilani kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha o‘zining noyob retseptiga ega”, deb taʼkidlagani ham bejiz emas”, - dedi Mirziyoyev.

Inson kapitalini rivojlantirish mamlakatimiz barqaror va uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishining mustahkam poydevori hisoblanadi.

Bu borada so‘nggi sakkiz yilda maktabgacha taʼlim qamrovi 27 foizdan 74 foizga oshirildi. Yangi maktablar qurilib, qo‘shimcha 800 mingta o‘quvchi o‘rni yaratildi. Oliy o‘quv yurtlari soni 200 dan oshib, qamrov 9 foizdan 38 foizga yetdi.

O‘zbekiston kelgusi 3-4 yilda maktabgacha taʼlim qamrovini kamida 80 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Buning uchun xususiy sektor bilan birga 240 ming o‘rinli bog‘chalar barpo etiladi.

Shuningdek, kelgusi yildan boshlab davlat-xususiy sheriklik asosida har yili barcha shahar va qishloqlarda eng ilg‘or standartlarga mos keladigan 100 tadan yangi maktablarni ishga tushirish reja qilingan. Bunga kelgusi yillarda 2 milliard dollar investitsiya kiritiladi.

Prezident taʼlimdagi loyihalarni xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishi sifatida belgilab olishni taklif qildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92518 | Инструменты