Huawei 1
Toshkentda Saudiya Arabistoni milliy kuni nishonlandi

23 sentyabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligining Toshkentdagi elchixonasi tomonidan «Orzu qilamiz va amalga oshiramiz» shiori ostida Saudiya Arabistoni Podshohligi milliy kunining 94 yilligi munosabati bilan tadbir o‘tkazildi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa vazirlik hamda elchixonalar vakillari ishtirok etdi. Tadbir avvalida ikki davlat madhiyalari yangradi. So‘ngra elchi Yusuf Salah Al Gahrah Al Otaibi Saudiya Arabistoni Podshohligining tashkil topishi, ushbu mamlakat va O‘zbekiston hamkorligining muhim nuqtalari haqida batafsil so‘z yuritdi.

Saudiya Arabistoni ilgari surgan «2030 yilga nazar» strategiyasi va «O‘zbekiston - 2030» strategiyasi o‘rtasida hamohanglik mavjud. Shu doirada keyingi ikki yil ichida o‘zaro munosabatlarning yanada kengaygani va mustahkamlangani ikkala qardosh mamlakatning kelajakka qarashlaridagi iroda va qat’iyatga yaqqol dalil bo‘la oladi.

Saudiya Arabistoni Podshohligi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi bugungi kundagi aloqalar ikkala davlat rahbariyatlarining strategic qarashlar orqali mushtarak manfaatlar va ikki qardosh xalq farovonligi yo‘lidagi maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan. Aytish mumkinki, hozirgi o‘zaro hamkorlik aloqalari hammaga namuna va ibrat ekanligi bilan ajralib turadi.
Parlamentlararo aloqalar doirasida Saudiya Sho‘ra kengashi delegatsiyasi shu yilning iyulida O‘zbekistonga tashrif buyurib, parlamentlararo do‘stlik guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ikkiyoqlama aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Ikki mamlakat mas’ullarining o‘zaro tashriflar bilan almashishi ham aloqalar kengayib va mustahkamlanib borayotganiga dalil bo‘ladi.

Ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida ham amaliy hamkorlik qilinmoqda. Podshoh Salmon nomidagi arab tilini o‘qitish akademiyasi O‘zbekistonda arab tilini o‘qitish dasturini amalga oshirmoqda. Bugungi kunda Podshohlikda bakalavr bosqichida o‘qishni istagan kishi «Saudiya Arabistonida tahsil ol» platformasiga kirishi va o‘qishga qabul qilinishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92519 | Инструменты