O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-sentabr kuni Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi doirasida ushbu yetakchi xalqaro moliya instituti prezidenti Szin Litsyunni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida OIIB rahbari bankning asosiy tadbirini Samarqand shahrida o‘tkazishga har tomonlama ko‘maklashgani uchun mamlakatimiz yetakchisiga chuqur minnatdorchilik bildirdi hamda Yangi O‘zbekistondagi ortga qaytmas islohotlarni bundan buyon ham qat’iy qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.
O‘zbekistonning Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan keng qamrovli hamkorligini rivojlantirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda hamkorlik eng yuqori darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Loyihalar portfeli 3 milliard dollardan oshdi, bu esa O‘zbekistonni OIIBning mintaqadagi asosiy benefitsiariga aylantirdi va amaliyotlar hajmi bo‘yicha dunyoda oltinchi o‘ringa chiqardi.
Transport, energetika, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, kommunal soha hamda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti OIIB bilan 2030-yilgacha infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha strategik sheriklik dasturini tayyorlashga kirishish tashabbusini ilgari surdi.
Ustuvor yo‘nalishlar sifatida kambag‘allikni qisqartirish, Yangi Toshkentni barpo etish, davlat-xususiy sheriklik va xususiy sektor loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish, suv, transport va energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish kabi sohalar belgilandi.
Markaziy Osiyo mintaqasida yirik infratuzilma loyihalarini ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari huzurida umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq istiqbolli loyihalardan iborat 2026-yilga qadar davrga mo‘ljallangan yangilangan "yo‘l xaritasi" imzolandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 100600 | Инструменты