Huawei 1
O‘zbekiston qayta tiklanadigan energiyani Kaspiy orqali Yevropaga yetkazib berish loyihasida ishtirok etmoqchi

Germaniyalik islomshunos, Cultur-Cooperation International e.V tashkiloti rahbari Ketlin Gyobel "Dunyo" uchun intervyusida Germaniya kansleri Olaf Sholsning Ostonada bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo+Germaniya" ikkinchi sammiti haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Unga ko‘ra, Ostonada bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo + Germaniya" ikkinchi sammiti Germaniyaning mintaqadagi mamlakatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

- Kansler Olaf Sholsning mintaqada energetika xavfsizligi, sanoat rivojlanishi va qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlari Germaniyaning ushbu strategik sherikchilikka bo‘lgan intilishini tasdiqlaydi.

Ayniqsa, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qishloq xo‘jaligi, transport va "yashil" energiya sohalarida Germaniya bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi takliflari e’tiborga molik. Shu bilan birga, O‘zbekistonning qayta tiklanadigan energiyani Kaspiy dengizi orqali Yevropaga yetkazib berish loyihasida ishtirok etishi mintaqadagi barqaror rivojlanishga xizmat qiladi.

Meni o‘ziga jalb etgan eng muhim masalalardan yana biri Markaziy Osiyodagi suv muammosi bo‘ldi. Ma’lumki, mintaqadagi muzliklar oxirgi yillarda 16 foizga qisqargan, va asr oxirigacha bu raqam 80 foizga yetishi mumkin. Iqlim o‘zgarishi tufayli suv tanqisligi Markaziy Osiyo uchun katta xavf tug‘diradi. Germaniyaning bu muammoni hal qilishdagi ishtiroki mintaqada suv resurslaridan samarali foydalanishga yordam beradi. Energiya va suv tejamkor texnologiyalarni joriy qilish orqali suvga bo‘lgan talabni barqaror darajada qondirish mumkin, bu esa Germaniya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.

Germaniyaning o‘zbekistonliklar uchun viza olish jarayonini soddalashtirishi va 800 nafar o‘zbekistonlik hamshiralarni GFR shifoxonalarida ish bilan ta’minlash rejasi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlarida amaliy qadam bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston prezidentining "Markaziy Osiyo – Germaniya" tahlil markazlari forumini tashkil etish va uning birinchi majlisini kelgusi yili nemis-mennonitlar jamoasi yashagan qadimiy Xiva shahrida o‘tkazish taklifi, mintaqaviy muloqot va hamkorlikni chuqurlashtirishda katta ahamiyat kasb etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92315 | Инструменты