O'zbekistonda ilk bor "Teskari transkripsiyali ayni vaqtdagi polimeraza zanjirli reaksiyasi usuli yordamida SARS-CoV-2 koronavirusi RNK sini aniqlash uchun reagentlar to‘plami"ga patent berildi.
"Biotest - SARS-CoV-2" reagentlar to‘plami o‘tkir respirator sindrom COVID-19ni qo‘zg‘atuvchi SARS-CoV-2 koronavirusining RNKsini "real vaqt" rejimida PZR usulida burun-halqum shilliq pardasidan olingan surtmadan aniqlaydi.
Ushbu to‘plam koronavirus genomining ikki sohasida - RdRP va N genlarida COVID-19 o‘tkir respiratorli infeksiyani klinik va diagnostik tekshirish uchun mo‘ljallangan, test natijalari qo‘shimcha tasdiqlashni talab qilmaydi.
Mahalliy PZR test sistemasiga reaksiyalarning sifatini tekshiruvchi ko‘rsatkichlar ham kiritilgan. Bu ekspress-test emas, balki to‘laqonli test bo‘lib, natijalar 5-6 soatdan keyin aniq bo‘ladi hamda faqat maxsus laboratoriyalarda qo‘llash mumkin.
Mazkur test tizimi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazining biotexnologlari tomonidan O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib ishlab chiqildi. Uni “Biotest—LAB” MCHJ startapi tomonidan ommaviy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
"Biotest - SARS-CoV-2" reagentlar to‘plami Sog‘liqni saqlash vazirligining Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida 2020-yil 7-mayda ro‘yxatga olingan. U bugungi kunda mazkur Agentlikda ro‘yxatga olingan yagona test tizimidir.

Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты