O‘zbekistonda “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyorlandi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumining plenar sessiyasida ma’lum qildi.
“Bugungi sharoitda moliyaviy tizim va texnologiyalar keskin o‘zgarmoqda”, — dedi davlat rahbari islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari haqida gapirib.
Prezident O‘zbekistonda startaplar uchun muqobil moliyaviy vosita — venchurlar tez rivojlanayotganini ta’kidladi.
“O‘tgan yili ikkita startap-kompaniyamiz (Uzum va TBC) qiymati ilk bor 1 mlrd dollardan oshdi. Bunday kompaniyalarni albatta ko‘paytiramiz. Shu bois, “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Kelgusi besh yilda venchur va boshqa muqobil sarmoyalar hajmini 1 mlrd dollarga olib chiqamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bank sektori, moliya, sug‘urta, kapital bozorida ham islohotlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda Moliyaviy barqarorlik kengashi tuziladi, Markaziy bank qoshida kiberxavfsizlik va moliyaviy texnologiya platformalari ishga tushiriladi.
Mart oyida davlat rahbari Hindistonda aholi jon boshiga venchur investitsiya hajmi 30 dollar, Xitoyda 75 dollar, Janubiy Koreyada 156 dollarni tashkil etishini ta’kidlagandi. “O‘zbekistonda so‘nggi besh yil ichida venchur fondlari hisobidan qiymati 145 mln dollarlik 53 ta startap loyihasi amalga oshirildi, biroq bu juda oz”, — degandi Mirziyoyev.
Bu yo‘nalishni yanada rivojlantirish maqsadida umumiy kapitali 50 mln dollar bo‘lgan uchta yangi venchur fondi tashkil etildi. Davlat rahbari iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulovga xorijdan qo‘shimcha 50 mln dollar jalb etish bo‘yicha topshiriq ham bergandi.
“Eng muhimi, bunday loyihalar iqtisodiyotga yangi yo‘nalishlar, texnologiyalar, innovatsiyalar va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar olib keladi. Startaplar doirasida yaratilgan yuqori texnologiyali innovatsion mahsulot va xizmatlar texnik reglament va standartlarga kiritiladi. Bu ularga davlat buyurtmalarini olishga yo‘l ochadi”, — degandi prezident.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22303 | Инструменты