O‘zbekistonda paxta to‘qimachilik sanoatiga "Better Work" va "Better Cotton" xalqaro standartlari tatbiq etiladi
Toshkentda bo‘lib o‘tgan “To‘qimachilik haftaligi” doirasida “To‘qimachilik sanoatida ijtimoiy tadbirkorlik” mavzuidagi forum tashkil etildi.
Unda Oliy Majlisi Senati raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva, O‘zbekistondagi uch tomonlama ijtimoiy sheriklar – Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Musayev, Kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi o‘rinbosari B.Maxmadaliyev hamda Ish beruvchilar Konfederasiyasi raisi Ilhom Haydarov, vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, yirik xalqaro kompaniyalar, xorijiy davlatlarning ish beruvchilar konfederasiyalari, O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Forum davomida to‘qimachilik sanoati korxonalarining ijtimoiy mas’uliyati, xususan, xodimlar huquqlarini himoyalash, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ishlab chiqarishning ekologik barqarorligini ta’minlash kabi masalalar xususida so‘z bordi.
Forum ishtirokchilari to‘qimachilik sanoatida ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish masalasining muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida qayd etdilar. Shu bilan birga iqtisodiyotning ushbu tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Anjumanda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kuchli siyosiy irodasi tufayli mamlakatda ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Buning natijasida sohaning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasi mustahkamlandi. Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan samarali hamkorlik tobora rivoj topib bormoqda.
Forum doirasida xodimlarning mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash, biznesning ijtimoiy mas’uliyati va atrof-muhitning barqarorligini ta’minlash, to‘qimachilik sanoatida ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish, uning mamlakat iqtisodiy o‘sishi va barqaror rivojlanishiga ta’siri masalalari ham muhokama qilindi.
Tadbirda Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro Moliya Korporasiyasining tikuvchilik sanoatida munosib mehnat standartlari va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Better work” qo‘shma dasturini O‘zbekistonda tadbiq etish bo‘yicha loyihaga start berildi. Shuningdek, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi T.Narbayeva, «Better Cotton Initiative» dasturlari vakili Reychel Bekket va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi I.Haydarov o‘rtasida “Better Cotton” hamda Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi o‘rtasida 2023-2024 yillarda Barqaror rivojlanish bo‘yicha hamkorlikdagi tadbirlar rejasi” ya’ni, yo‘l xaritasi imzolandi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, “Better work” hamda «Better Cotton Initiative» qo‘shma dasturining O‘zbekistonda amalga oshirilishi tikuv-to‘qimachilik sanoatiga zamonaviy, energiya tejovchi texnologiyalarni keng tadbiq etish, ishlab chiqarishning ekologiyaga ta’sirini kamaytirish bilan birga, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, mehnat munosabatlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, O‘zbekiston paxta to‘qimachilik sanoatida investision muhitni yaxshilash, sohaga dunyo to‘qimachilik sanoatida tan olingan brendlarning kirib kelishi va eng asosiysi ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga imkon yaratadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52413 | Инструменты