Kompaniya zavod va neft bazalarida jamg‘argan 102 ming tonna benzin zaxirasi ikki oylik iste’molni qoplash imkonini beradi.
O‘zbekneftgaz qish mavsumida aholini benzin bilan uzluksiz ta’minlash va ehtimoliy taqchillikning oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida yil boshidan buyon 916,1 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan.
Bu rejaning 101% i bo‘lib, o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichga nisbatan ham 1% ga ko‘p.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, noyabr oyida 103,3 ming tonna, dekabrda esa 123,1 ming tonna benzin ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Yil yakunigacha ishlab chiqarish hajmini 1,1 mln tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu 2025-yildagi 1,03 mln tonna ko‘rsatkichdan 7% ga yuqori.
Ayni paytda zavod sutkasiga o‘rtacha 3,2−3,4 ming tonna benzin ishlab chiqarmoqda. Qish mavsumida ichki bozorni barqaror ta’minlash uchun zavod va tizimdagi neft bazalarida jami 102 ming tonna benzin zaxirasi shakllantirilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 ming tonnaga ko‘p bo‘lib, ikki oylik iste’molni qoplash imkonini beradi.
O‘zbekneftgaz talab oshgan taqdirda birja savdolariga chiqariladigan benzin hajmini kuniga 8 ming tonnagacha, zarurat bo‘lsa, 10 ming tonnagacha oshirish imkoniyatiga ega ekanini bildirdi. Hozirda birja savdolariga kuniga 4,6 ming tonna benzin, jumladan, 4,3 ming tonna AI-92 joylashtirilmoqda.
Kompaniya xususiy importchilar tomonidan benzin olib kirish hajmi iyun oyidan keskin kamayganini qayd etdi. Oktabrda import hisobiga ichki bozorga 5,5 ming tonna benzin yetkazib berilgan. Talabni qondirish va ehtimoliy taqchillikning oldini olish uchun tayyor benzin importi ham ko‘rib chiqilmoqda.
O‘zbekneftgaz metan quyish shoxobchalariga qishki cheklovlar kiritilishi haqidagi tasdiqlanmagan xabarlar ayrim yoqilg‘i quyish shoxobchalarining oldindan ko‘proq benzin xarid qilishiga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. Bu birja savdolarida talab va narxlarning oshishiga ta’sir qilishi mumkin.
Kompaniya birja savdolariga chiqarilayotgan benzinning boshlang‘ich narxi aprel oyidan buyon o‘zgarmaganini, 1 tonna benzin 14 mln so‘mdan taklif qilinayotganini bildirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112114 | Инструменты