Umumiy bozor o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,5 foizga qisqarganiga qaramay, Xitoy avtomobil brendlari sotuvi 48,2 foizga oshib, ularning bozordagi ulushi 18,4 foizni tashkil etdi.
O‘zbekiston Avtomobil Biznesi Assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–oktabr oylarida mamlakatda jami 318 949 dona yangi avtomobil sotilgan.
Hisobotga ko‘ra, joriy yilning oktabr oyida respublika bo‘ylab 36 176 dona yangi avtomobil realizatsiya qilingan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning oktabr oyiga nisbatan qariyb 12 foizga kam bo‘lsa-da, sentabr oyiga nisbatan 6,3 foizlik o‘sish qayd etildi. Yilning dastlabki o‘n oyi yakunlari bo‘yicha sotuvlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22 257 donaga kamaygan.

O‘n oylik natijalarga ko‘ra, Chevrolet brendi 74 foizlik ulush bilan O‘zbekiston avtomobil bozoridagi yetakchiligini saqlab qolmoqda, biroq uning ulushi o‘tgan yilga nisbatan 7,8 foiz punktiga pasaygan. Keyingi o‘rinlarni 12,3 foiz (+1,5 foiz punkti) ulush bilan ADM Global hamda 10,7 foiz (+5,1 foiz punkti) ko‘rsatkich bilan BYD egalladi. Bozorning asosiy tendensiyasi sifatida Xitoy brendlari mavqeyining mustahkamlanishi kuzatilmoqda — ularning umumiy ulushi 2025-yilning mos davriga nisbatan 6,8 foiz punktiga oshgan.
Oktabr oyida sentabrga nisbatan brendlar kesimida eng yuqori ijobiy dinamika Soueast (+75,3 foiz), Geely (+29,8 foiz), Chevrolet (+13,4 foiz) va Chery (+9,1 foiz) hissasiga to‘g‘ri keldi. Deepal (−62,7 foiz), Changan (−61,3 foiz), Li Xiang (−51,4 foiz) hamda Haval (−47,1 foiz) brendlarida sezilarli esa pasayish kuzatildi.
Modellar kesimida mutlaq hisobda eng ko‘p o‘sish Chevrolet Cobalt (+2 175 dona), Chevrolet Damas (+1 843), BYD Song Plus DM-i Champion (+496), BYD Yuan Up DM-i (+246) va Soueast S08 DM (+195) avtomobillarida, eng katta pasayish esa BYD Chazor Champion (−820 dona), Kia Sonet (−506), Chevrolet Tracker (−456), Haval Jolion (−325) hamda Chevrolet Labo (−268) modellarida qayd etildi.
Hududlar kesimida o‘n oy davomida eng ko‘p yangi avtomobil Toshkent shahrida (92 567 dona), Samarqand (25 899 dona) va Farg‘ona (25 132 dona) viloyatlarida xarid qilingan. Sotuvlar hajmi bo‘yicha eng past ko‘rsatkichlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi (9 384 dona) hamda Sirdaryo viloyatiga (4 952 dona) to‘g‘ri keldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112021 | Инструменты