Huawei 1
OKMKning “Yoshlik-1” konini oʼzlashtirish qiymati $4,8 mlrd.ni tashkil etadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 iyul kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining “Yoshlik-1” konini borib koʼrdi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ochiq va yerosti konlari, metallurgiya va sement zavodlari, keng qamrovli infratuzilma obyektlarini birlashtirgan ulkan sanoat majmuasidir. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining 7 foizi, eksport hajmining 15 foizi mazkur kombinat hissasiga toʼgʼri keladi. Oxirgi yillardagi eʼtibor natijasida yangi konlar topilib, ishlab chiqarish hajmi yanada oshirilmoqda.

“Yoshlik-1” konini oʼzlashtirish investitsiya loyihasi shulardan biri. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 martdagi qaroriga muvofiq boshlangan ushbu loyihaning qiymati 4 milliard 894 million dollar.

Davlatimiz rahbariga konning salohiyati, uni oʼzlashtirish boʼyicha qilinayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Hududi 11 ming gektar boʼlgan mazkur kondan yiliga 65 million tonna maʼdan qazib olinadi. 60 million tonna mis-molibden rudasini qayta ishlash quvvatiga ega 3-Mis boyitish fabrikasi quriladi. Shuningdek, ohak zavodi, 650 megavattli elektr tarmogʼi va boshqa infratuzilma obʼektlari barpo etiladi.

Loyiha doirasida oʼtgan 4 yilda zamonaviy geologik tadqiqotlar, konda 83 million kub metrdan ortiq hajmdagi qazish ishlari bajarilgan. Buning uchun umumiy qiymati 415 million dollar boʼlgan 570 dan ziyod maxsus texnikalar jalb etilgan.

Ushbu ulkan loyiha 2024 yilda ishga tushirilishi, jami 6 mingta ish oʼrni tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112208 | Инструменты