Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan O‘zbekiston yo‘llarini ta’mirlash borasida hamkorlik yuzasidan kelishuvga erishildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 10 iyun kuni Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining investitsiyalar bloki rahbari Konstantin Limitovskiy boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashgan.
Uchrashuvda avtomobil yo‘llarini rivojlantirish borasida bank moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama etilgan. Jamshid Tursunov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda mamlakatda yirik strategik loyihalar amalga oshirilayotganligi munosabati bilan o‘z minnatdorligini bildirgan.
Shuningdek, tomonlar “A380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 150 – 228-km (78 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning joriy holati yuzasidan fikr almashgan.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi (328,1 km) hamda Xorazm viloyatidagi (188 km) umumiy foydalanuvdagi mahalliy ahamiyatga ega 516,1 km avtomobil yo‘llari qismlarini to‘la ta’mirlash loyihasi bo‘yicha hamda istiqbolda hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan kelishuv amalga oshirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70310 | Инструменты