Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) yangi hisobotiga muvofiq 2026-yilda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish surʼati 6,6 foizga yetishi kutilmoqda. Bundan tashqari, hisobotda mintaqaviy hamkorlik mamlakatning rivojlanishida juda muhim ahamiyat kasb etishi haqida aytilmoqda.
OTB o‘zining 2025-yil aprel oyidagi “Osiyo taraqqiyot istiqbollari” (Asian Development Outlook yoki ADO) yillik iqtisodiy nashrida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti joriy yilda kamtarona o‘sishini, 2026-yilda esa o‘sish 6,7 foizni tashkil etishini prognoz qildi. Bu o‘sish sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarining barqaror rivojlanishi hamda kuchli ichki talab bilan qo‘llab-quvvatlanadi.
"2024-yilda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning 6,5 foizga o‘sishi hukumatning sanoat va qurilish kabi asosiy iqtisodiy tarmoqlarni rivojlantirishga qaratilgan maqsadli saʼy-harakatlarining natijasidir", – dedi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi Direktori Kanokpan Lao-Araya. “Infratuzilma va mintaqaviy integratsiyani takomillashtirish bo‘yicha doimiy saʼy-harakatlar tufayli O‘zbekiston kelgusi yillarda barqaror va muvozanatli o‘sishga erishish uchun barcha imkoniyatlarga ega”.
Hisobotda, shuningdek, qatʼiy pul-kredit siyosati va import qilinadigan tovarlar uchun transport xarajatlarining kamayishi tufayli inflyatsiya 2023 yildagi 10 foizdan 2024 yilda 9,4 foizgacha pasayishi haqida aytiladi. Shu bilan birga, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tartibga solinadigan narxlarning oshishi tufayli xizmatlar sohasida inflyatsiya 21,8 foizgacha oshgan.
Energiya narxlarining rejalashtirilgan oshishiga qaramay, inflyatsiya sekinlashishni davom etadi va 2025 yilda 8,0 foizni va 2026 yilda 7,0 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Byudjet taqchilligi har ikki yilda ham yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4,0% gacha qisqarishi kutilmoqda va bunga fiskal konsolidatsiya bo‘yicha choralar va davlatga qarashli tog‘-kon va karyerlarni qazib olish korxonalarining barqaror daromadlari xissasini qo‘shadi.
Kutilishicha, oziq-ovqat, neft-kimyo va to‘qimachilik mahsulotlariga bo‘lgan tashqi talab hamda tog‘-kon sanoati va karyer qazib olish mahsulotlariga bo‘lgan ichki talab hisobiga sanoat sektori yiliga 7,0 foizga o‘sadi. Xizmatlar sektori o‘sishni davom ettirishi kutilmoqda va o‘sish 2025 yilda 7,8 foizni va 2026 yilda 7,9 foizni tashkil etadi.
Hisobotda O‘zbekistonning mintaqaviy qiymat zanjirlarida ishtirokini kuchaytirish uchun iqtisodiy yo‘laklarni rivojlantirish muhimligi haqida taʼkidlanadi. O‘zbekiston dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan davlat sifatida xalqaro savdoni rivojlantirish uchun ko‘p jihatdan mintaqaviy hamkorlik va integratsiyaga tayanadi. Hukumatning transport-logistika tizimini rivojlantirish siyosati tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, yetkazib berish muddatlarini qisqartirish va xarajatlarni optimallashtirishga qaratilgan.
Bu yil OTB va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida hamkorlik boshlanganiga 30 yil to‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi OTB ga 1995 yilda aʼzo bo‘lgandan beri bank mamlakatga jami 14,5 mlrd. AQSH dollari miqdorida qarz, grant va davlat sektoriga texnik ko‘mak taqdim etgan.
OTB Osiyo va Tinch okeani mintaqasida inklyuziv va barqaror o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi yetakchi ko‘p tomonlama rivojlanish bankidir. OTB murakkab muammolarni birgalikda hal qilish uchun o‘z aʼzolari va hamkorlari bilan ishlar ekan, insonlar hayotini o‘zgartirish, sifatli infratuzilmani barpo etish va sayyoramizni himoya qilish uchun innovatsion moliyaviy vositalar va strategik hamkorliklardan foydalanadi. OTB 1966 yilda tashkil etilgan va uning aʼzosi 69 ta davlat bo‘lib, ulardan 49 tasi mintaqada joylashgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41723 | Инструменты