OTB Osiyoning joriy yilda iqtisodiy o‘sish prognozini 4,6 foizgacha pasaytirdi. Bunga sabab qilib Xitoydagi o‘sish sur'atlarining sekinlashishi va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining oqibatlari keltirilmoqda
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Xitoy Xalq Respublikasidagi (XXR) o‘sish sur'atlarining sekinlashishi, iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda pul-kredit siyosatining keskin qattiqlashuvi va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining oqibatlari sababli rivojlanayotgan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari uchun joriy yilda iqtisodiy o‘sish prognozini 4,6 foizgacha pasaytirdi.
Mazkur prognoz OTB tomonidan aprel oyida e'lon qilingan 5,2 foiz prognozi bilan taqqoslanadi. Bank oziq-ovqat va yoqilg‘i narxlarining oshishi tufayli mintaqa uchun inflyatsiya prognozini ham oshirdi.
Bugun e'lon qilingan OTBning "Osiyo rivojlanishi istiqbollari"ning (ORI) (Asian Development Outlook) 2022-yilgi nashriga qo‘shimchasida aytilishicha, Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi rivojlanayotgan mamlakatlar COVID-19 pandemiyasidan so‘ng tiklanishni davom etmoqda. Ko‘pgina mamlakatlar tomonidan harakat cheklovlarining yumshatilishi iqtisodiy faollikning oshishiga olib kelmoqda. Biroq, COVID-19 bilan bog‘liq yangi cheklovlarning o‘rnatilishi va zaif global talab tufayli mintaqaning eng yirik iqtisodiyoti bo‘lgan Xitoyda o‘sish sekinlashdi.
"Osiyoning aksariyat qismida pandemiyaning iqtisodiyotga ta'siri kamaydi, biroq biz hali to‘liq va barqaror tiklanishdan yiroqmiz. Xitoydagi sekinlashuvdan tashqari, Ukrainadagi urush oqibatlari inflyatsiya bosimini kuchaytirdi va bu o‘z navbatida butun dunyo bo‘ylab markaziy banklarni foiz stavkalarini oshirishga majbur qilayotganligi sababli o‘sishni to‘xtatib qo‘ydi. Mintaqaning tiklanishiga xavf tug‘dirishda davom etayotgan ushbu global noaniqliklarning barchasini hal qilish juda muhimdir", - dedi OTB bosh iqtisodchisi Albert Park.
Joriy yilda XXR iqtisodiyoti ilgari prognoz qilingan 5,0 foizga nisbatan 4,0 foizga o‘sadi. OTB, shuningdek, kutilgandan ko‘ra yuqori inflyatsiya sur'atlari va monetar siyosatning keskinlashuvini inobatga olgan holda Hindiston uchun o‘sish prognozini 7,5 foizdan 7,2 foizgacha pasaytirdi.
Rivojlanayotgan Osiyo va Tinch okeani mintaqasi mamlakatlaridagi inflyatsiya bu yil oldingi 3,7 foiz prognozga nisbatan 4,2 foizga tezlashishi kutilmoqda. Biroq, umuman olganda mintaqada inflyatsiya bosimi hali ham dunyoning boshqa joylariga qaraganda past.
OTB mintaqa uchun 2023-yil iqtisodiy o‘sish prognozini 5,3 foizdan 5,2 foizga tushirdi va inflyasiya prognozini o‘z navbatida 3,1 foizdan 3,5 foizga oshirdi.
Ba'zi subregionlar uchun o‘sish prognozlari oshirildi. Janubi-Sharqiy Osiyo uchun prognoz COVID-19 cheklovlarining yengillashtirilishi natijasida ichki talabning oshishini sababli bu yil 4,9 foizdan 5,0 foizga oshirildi. Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha prognoz 3,6 foizdan 3,8 foizga oshirildi, chunki subregiondagi ba'zi davlatlar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining iqtisodiy oqibatlarini kutilganidan ko‘ra yaxshiroq yengib chiqdi. Tinch okeanida Fidjiga turizmning tiklanishi sababli subregionning o‘sish prognozi 3,9 foizdan 4,7 foizga yaxshiladi.
OTB o‘ta qashshoqlikka barham berish bo‘yicha sa'y-harakatlarini davom ettirib, rivojlangan, keng qamrovli va barqaror Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga erishishga intiladi. OTB 1966-yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 68 mamlakat a'zo bo‘lgan. Ularning 49 tasi mintaqada joylashgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50209 | Инструменты