Huawei 1
"O'zbekipaksanoat" o'tgan 10 oy ichida uyushmada holat qanday kechganini ma'lum qildi

"O'zbekipaksanoat" uyushmasining 2021 yil 10 oyi davomida pilla yetishtirish, investitsiya va ipak mahsulotlari eksporti bo'yicha erishgan natijalari haqida axborot berdi. 

Unga ko'ra, uyushmaga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida 13 ta hududiy va 144 ta tuman “Agropilla” MCHJ faoliyati yo'lga qo'yilgan.  2021 yilda 11 ta ipak qurti urug'chi ishlab chiqarish hamda 80 ta pillachilik klasterlari, ipak, paxta va jun aralashmalaridan qo'lda to'qilgan gilamlar hamda ipak mato va tayyor ipakli kiyim-kechaklar ishlab chiqaruvchi korxonalari “O'zbekipaksanoat” uyushmasi a'zosi hisoblanadi.

 Uyushma tizimida jami 862,5 ming nafar aholi band bo'lsa,  shundan 32,6 ming nafari doimiy va 829,9 ming nafari mavsumiy ishchilar hisoblanadi.

 2021 yilning 10 oyi davomida pillachilik klasterlari tomonidan tut ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish orqali pilla yetishtirish hajmini oshirish maqsadida respublika bo'yicha jami 2,7 ming gektar yer maydonida yangi tutzorlar barpo etildi va 67,5 mln. tup tut ko'chatlari ekildi. Natijada, yangi ekilgan tut ko'chatlari va barpo etilgan tutzorlar hisobiga tut plantatsiyalari maydoni 53,4 ming gektarga, yakka qator tutlar soni qariyb 119,5 mln. tupga yetkazildi.

Respublikamizda 506 gektar yer maydonida 22 ta tut urug'chiligi va ko'chatchilik xo'jaliklari tashkil etilgan bo'lib, mazkur tutchilik xo'jaliklarida 2021 yilda bahorgi ko'chat ekish mavsumi uchun 30,4 mln dona va kuz mavsumi uchun 33,1 mln dona jami 63,5 mln dona (34,93 mlrd. so'mlik) tut ko'chati va nihollari tayyorlandi, Shuningdek, 43,3 gektar onalik tutzorlarda 1,2 tonna tut urug'i tayyorlangan.

Uyushma tashkil etilgandan keyin, ipak qurti urug'chiligi korxonalari to'liq o'rganib chiqilib, ularni modernizatsiya qilish, xorijiy hamkorlar bilan qo'shma korxonalar tashkil etish hamda soha mutaxassislarini Xitoyda tajriba almashish va malakasini oshirish ishlari muntazam ravishda olib borilmoqda. 

Shuningdek, uyushma O'zbekistonda pilla rejasi ortig'i bilan bajarilganini ma'lum qilgan.

 2021 yilda Andijon viloyatida 2 ta yangi urug'chilik korxonalari faoliyati yo'lga qo'yildi. Xususan Xo'jaobod tumanida “Andijon Guangtong” xorijiy korxonasi va Asaka tumanida “Asaka Silkworm” MCHJ faoliyati yo'lga qo'yildi. Mazkur korxonalarda hosildorligi yuqori bo'lgan ipak qurti urug'i yetishtirilmoqda.

Bugungi kunda respublika bo'yicha urug'chilik korxonalari soni 13 taga yetkazilib, mahalliylashtirish darajasi 59,8 foizni tashkil etmoqda.

Joriy yilning bugunga qadar bo'lgan davrda ushbu korxonalar tomonidan 240 ming quti yoki 28,5 mlrd. so'mlik ipak qurti urug'i tayyorlandi Bu ko'rsatkich o'tgan yilning mos davriga nisbatan o'sish sur'ati 129 foizga o'sganini anglatadi.

2024-2025 yilga kelib respublikada sifatli ipak qurti urug'iga bo'lgan talab mahalliy korxonalar tomonidan to'liq qondiriladi va ipak qurti urug'ining importiga chek qo'yiladi.

 O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 martdagi 3616-sonli hamda 2018 yil 4 dekabrdagi 4047-sonli qarorlariga asosan, joriy yilning 10 oyligida tutzorlar qoshida 581 ta inshoot –(qurtxona)lar qurilib, foydalanishga topshirildi.

 Respublikada joriy yilda 22,4 ming tonna pilla yetishtirish reja-topshirig'i belgilangan bo'lib, amalda 22,7 ming tonna pilla xomashyosi yetishtirildi Bu esa prognozga nisbatan 101,3 foizni tashkil etadi.

 Joriy yilda yetishtirilgan pilla xomashyosi tizim korxonalari tomonidan to'liq qayta ishlanib, ipak mahsulotlari eksportga yo'nalitirilmoqda.

 Tizim korxonalari tomonidan yetishtirilgan pilla xomashyosini qayta ishlash quvvatlaridan foydalanish darajasi 2020 yilda 94 foizni tashkil etgan bo'lsa, joriy yilda ushbu ko'rsatkich 100 foizga yetkazildi.

 Bundan tashqari, joriy yilda Umimiy hisobda 117,4 mln AQSH dollari miqdoridagi 101 ta investitsion loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.

 Bugungi kunga qadar tarmoqdagi pillani qayta ishlash va ipak qurti tayyorlash korxonalari tomonidan texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya qilish hamda yangi quvvatlarni ishgan tushirish ishlariga jami 85 mln. AQSH dollari miqdoridagi investitsiya mablag'larini o'zlashtirishga erishildi.

 Joriy yil 10 oyi mobaynida 1981,5 tonna xom ipak (o'sish sur'ati 117 foiz), 787,9 tonna ipak momig'i (127 foiz), 679,6 tonna eshilgan ipak ip (125 foiz), 7628,9 ming pog.metr ipak mato (125 foiz), 285 dona ipak gilami (316 foiz), 779 ming dona ipakli tayyor kiyim–kechak (143 foiz) ishlab chiqarildi.

 Olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar hisobiga Uyushma tarkibidagi korxonalarda tut bargidan choy ishlab chiqarish sexlari faoliyati yo'lga qo'yildi.

 Uyushma tarkibidagi korxonalarda jami 1128 ta qo'lda ipak gilam to'qish dastgohlari o'rnatilib, ushbu dastgohlarning har birida xotin-qizlar bandligini ta'minlandi.

 Shuningdek, hozirgi kunda Yevropaning “PICANOL”, “VANDEWIELE” hamda Koreya kompaniyalarida ishlab chiqarilgan ipak mato to'qish, tikuv dastgohlarini, Yaponiyaning “MIMAKI” kompaniyasi ipak matoga rang berish va gul bosish printerlarini tizim korxonalarida o'rnatish bo'yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Germaniya Federativ Respublikasining “Afghan Bazar Carpets” kompaniyasi bilan hamkorlikda qo'lda ipak, jun va paxta aralashmalaridan gilam to'qishga ixtisoslashgan korxonalar faoliyati yo'lga qo'yildi.

 Xususan, Andijon viloyatida loyiha qiymati 1 mln AQSH dollari miqdoridagi “Afghan Bazar Silk Carpets Andijan” MCHJ QK faoliyati yo'lga qo'yilib, unda 650 nafar xotin-qizlarning bandligi ta'minlandi.

 Qashqadaryo viloyatida ish boshlagan “Afghan Bazar Silk Carpetsh Shakhrisabz” MCHJ Qo'shma korxonasining - loyiha qiymati 1 mln AQSH dollariga teng bo'lib,  korxonada 650 nafar aholi doimiy ishga ega bo'ldi

 Surxondaryo viloyatida ham o'z faoliyatini yo'lga qo'ygan “Afghan Bazar Silk Carpets Asia” MCHJ QK ning loyiha qiymati 5 mln dollarini tashkil etdi. Ushbu loyiha doirasida 220 nafar xotin-qizlar doimiy daromad manbasiga ega bo'lishdi.

Shu bilan birga, joriy yilda “O'zbekipaksanoat” uyushmasi tizim korxonalarida ishlab chiqarilayotgan ipak mahsulotlari bilan Turkmanistonning Avaza shahrida bo'lib o'tgan “Made in Uzbekistan” xalqaro ko'rgazmasida ishtirok etdi.

2021 yilning 10 oyligida pillani qayta ishlash korxonalari tomonidan amalga oshirilgan ipak mahsulotlari eksporti 57,8 mln AQSH dollari miqdorida bo'lgan bo'lsa, bu ko'rsatkich 2020 yilning 10 oyi davomida 35,1 mln AQSH dollarini tashkil etgan edi. Bundan ko'rinib turibdiki, o'tgan yilga nisbatan o'sish ko'rsatkichi 164 foizni tashkil etdi.

Pilla mahsulotlari eksport geografiyasida ham kengayish kuzatilmoqda. Xususan, 2020 yilda 14 ta davlatga eksport qilingan bo'lsa, joriy yilning 10 oyligida eksport qilingan davlatlar soni 16 taga yetdi.  

 


Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50908 | Инструменты