O'zbekiston elchisi Farrux Tursunov Ispaniyaning "SERCOBE" sanoat uskunalari ishlab chiqaruvchilari milliy assotsiatsiyasi Sharqiy Yevropa va MDH davlatlari bilan hamkorlik bo'yicha direktori Ektor Rodriges bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Unda O'zbekiston va Ispaniya o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, moliyaviy va sarmoyaviy hamkorlikning holati, sanoat uskunalarini ishlab chiqarish, shuningdek, qishloq xo'jaligi, suv-energetika va ekologiya sohalaridagi o'zaro aloqalarning istiqbolli yo'nalishlari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida Ispaniyaning "SERCOBE" bilan yaqin va amaliy hamkorlikni faollashtirish, assotsiatsiya a'zolari uchun O'zbekiston tomoni bilan qishloq va suv xo'jaligi, energetika va ekologiya sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha mavjud imkoniyatlar haqida qator taqdimot va davra suhbatlari o'tkazish to'g'risida kelishuvga erishildi.
Ispaniyaning "SERCOBE" sanoat uskunalari ishlab chiqaruvchilari milliy assotsiatsiyasi 1964-yilda tashkil etilgan. Assotsiatsiya 130 dan ortiq korxona va sanoat guruhlarini, 4 ta tarmoq birlashmalarini birlashtiradi. Ular, o'z navbatida, sanoat asbob-uskunalarini loyihalash, ishlab chiqarish, ularga xizmat ko'rsatish va yig'ish sohasida faoliyat yurituvchi 400 dan ortiq korxonalarni o'z ichiga oladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122304 | Инструменты