Intensiv baliqchilik va energotejamkor limonchilikni rivojlantirish choralari belgilandi

Prezident intensiv baliqchilik loyihalarini jadallashtirish va energotejamkor limonchilik issiqxonalarini tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatda intensiv usuldagi baliqchilikni kengaytirib, yiliga 1 million tonna baliq yetishtirish vazifasi qoʻyilgan. Taqdimotda bu maqsadga erishish uchun meliorativ tik quduqlar imkoniyatidan foydalanish rejalari Baliqchi tumani misolida koʻrib chiqildi.

Tumandagi 24 ta quduq atrofida chavoq va ozuqa taʼminotidan tortib, baliq yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va sotishgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab oluvchi intensiv baliqchilik majmualarini tashkil etish rejalashtirilgan. Har bir 50 sotixlik loyihada yiliga kamida 30 tonna forel baligʻini yetishtirish va 10 ta ish oʻrni yaratish koʻzda tutilmoqda.

Baliqchi tajribasini boshqa hududlarga tatbiq etish maqsadida 2027-yil martga qadar respublikadagi 4000 dan ziyod meliorativ tik quduqni xatlovdan oʻtkazish topshirildi. Baliq yetishtirishga yaroqli quduqlarni ilgʻor tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, Xonobodda sovuq suv baliqlarini yetishtirish va qayta ishlash, Ulugʻnorda esa suv havzalari negizida baliqchilik loyihalarini amalga oshirish rejalari haqida axborot berildi.

Taqdimotning ikkinchi qismi Baliqchi tumani misolida limonchilikni rivojlantirishga bagʻishlandi. Tumandagi toʻqqizta mahalla atrofidagi 100 gektar maydonda energotejamkor issiqxonalar qurib, ularni tayyor holda tadbirkorlarga taklif etish rejalashtirilmoqda. Limon yetishtirish, saralash, qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va sotish ishlari yagona kooperatsiya zanjiriga birlashtiriladi.

Loyihaga ishsiz va kambagʻal oilalarni jalb etishga alohida eʼtibor qaratildi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 500 ta issiqxonada mahalliy oilalardan kamida 1000 nafar kishi ish bilan taʼminlanadi. Limon koʻchatlari hosilga kirguniga qadar oraliq ekinlar yetishtirish orqali qoʻshimcha daromad olish mumkin boʻladi.

Baliqchi tajribasi asosida kelgusi yil hududlarda jami 200 gektar maydonda kambagʻal oilalar va ishsizlar uchun energotejamkor issiqxona majmualarini barpo etish rejalashtirilgan. Bu 2000 ta oilaning daromadini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Taqdimot yakunida davlat rahbari kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan ushbu loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, aholini baliqchilik va limonchilikka oʻqitish xarajatlarini qoplab berish choralarini koʻrish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102020 | Инструменты