O'zbekistonda 11 oyda aholiga 15,4 trillion so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratildi

Markaziy bank o‘tgan 11 oy davomida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha maʼlumot berdi. Unga ko‘ra, eng ko‘p foizli qarzlar Toshkent shahri, Farg‘ona, Toshkent, Samarqand va Navoiy viloyatlari aholisiga berilgan.

Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida O‘zbekiston aholisiga 15,4 trillion so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan. Bunda respublikada jami 63 ming 301 nafar fuqaro banklardan foizli qarz olgan bo‘lib, ularning 40 ming nafari erkaklar (9,9 trillion so‘m), 23,2 ming nafari xotin–qizlar (5,5 trillion so‘m) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ipoteka kreditlarining 8,9 trillion so‘mi (59 foizi) birlamchi bozordagi uylarga, 6,5 trillion so‘mi (41 foizi) ikkilamchi bozordagi uylarga ajratilgan.

Foizli qarzlarning 69 foizini 31–50 yoshlar oralig‘idagi insonlar, 20 foizini 18–30 yoshdagilar, 11 foizini 50 yoshdan yuqori bo‘lganlar olgan.

11 oy ichida banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratgan ipoteka kreditlari yillik 23,3–24,4 foizdan (foizlar har oy o‘zgarib turgan), “Yangi tartib” doirasida yo‘naltirilgan foizli qarzlar yillik 17,3–17,9 foizgacha berilgan. “Yangi tartib” dasturi bo‘yicha mamlakatning 33,5 ming fuqarosiga 7,8 trillion so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan.

Eng ko‘p kreditlar Toshkent shahri aholisiga berilgan — 4,6 trillion so‘m. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona (1,2 trillion so‘m), Toshkent (1,1 trillion so‘m), Samarqand (1,1 trillion so‘m) va Navoiy (1,1 trillion so‘m) viloyatlariga nisbatan ko‘p miqdorda ipoteka kreditlari ajratilgan.

Eng kam miqdordagi ipoteka kreditlarini Sirdaryo (340 milliard so‘m) va Jizzax (492 milliard so‘m) viloyatlari aholisi olgan.

Markaziy bankning maʼlum qilishicha, respublikada 2018-yilda aholiga 4,8 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgandi. 2019-yilda bu miqdor 7,9 trillion so‘mga, 2020-yilda 9,1 trillion so‘mga, 2021-yilda 9,8 trillion so‘mga, 2022-yilda esa 14,4 trillion so‘mga o‘sgan. Joriy yilning 11 oyida avvalgi yillarga nisbatan eng yuqori miqdordagi (15,4 trillion so‘m) ipoteka kreditlari ajratildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72714 | Инструменты