O'zbekiston elchisi Alisher Aqqulov BAA Ras al Xayma amirligi Savdo-sanoat palatasi raisi Muxammad al Nuaymiy va bosh direktori vazifasini bajaruvchi Axmad Roshid al Shemeyliy bilan uchrashdi.
Suhbat chog'ida, Amirliklar tomonidan Ras al Xayma shahrining iqtisodiy ko'rsatkichlari, drayver tarmoqlari, yirik sanoat korxonalari, port va erkin iqtisodiy zonalari to'g'risida ma'lumot taqdim etildi hamda O'zbekistondagi tadbirkorlik subyektlari bilan aloqalarni yaqinlashtirishga qiziqish bildirildi.
Shuni qayd etish joizki, Ras al Xayma Savdo-sanoat palatasiga 30 ming kompaniya a'zo bo'lib, ular asosan logistika, qishloq xo'jaligi, turizm, bank va moliya hamda qurilish materiallari sohalarida o'z faoliyatini olib boradi.
O'z navbatida, O'zbekiston tomoni mamlakatimizda muayyan sohalarda, xususan qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo'yicha tayyorlangan investitsiya loyihalarini Palata a'zolariga yetkazilishini tizimli yo'lga qo'yish muhokama qilinib, amirliklar tomoni mazkur masalaga o'z mas'ulini belgilab, bu hamkorlikni to'liq qo'llab quvvatlashini ta'kidladi.
Muzokaralar davomida Ras al Xayma erkin iqtisodiy zonalari imkoniyatlari ko'zdan kechirilib, undan O'zbekiston tadbirkorlarining ombor va shou-rum sifatida foydalanish imkoniyatlari batafsil o'rganildi.
Uchrashuv yakunida BAA tomoni shu yil amirlikda o'zbek mahsulotlari sanoat yarmarkasi, shuningdek, Amirliklar va O'zbekiston ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum o'tkazishni taklif qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10514 | Инструменты