2023 yili O‘zbekiston Rossiya tabiiy gazini 1000 kub metri uchun 160 dollardan sotib olgan. Bu narx Turkiya va Xitoyga sotilayotgan Rossiya gazining o‘rtacha bahosidan past. Bu haqda “Kommersant’” nashri Rossiya gaz bozorlarini diversifikatsiya qilish haqidagi maqolasida yozdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston 2023 yil 7 oktyabrdan Qozog‘iston orqali Rossiya gazini import qilishni boshlagan. UzGasTrade va “Gazprom” o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, kunlik yetkazib berish hajmi 9 mln kubometrni, yillik hajm esa 2,8 mlrd kubometrni tashkil qiladi. Ushbu hajm taxminan 448 mln dollarga tushadi.
Avvalroq, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiyaning barcha gazi ichki bozorga yo‘naltirilishini ma’lum qilgandi. Shunga qaramay, davlat korxonalari va byudjet tashkilotlari uchun tarif 1 oktyabrdan boshlab 1000 so‘mga, yuridik shaxslar uchun esa 900 so‘mga ko‘tarildi. Aholi uchun tarif 2019 yildan beri 330 so‘m bo‘lib, o‘zgarishsiz qolmoqda.
"O‘zbekistonga yetkazib berilayotgan mahsulot narxi Turkiyaga (1000 kub metr uchun taxminan 270−280 dollar) va Xitoyga (260−270 dollar) o‘rtacha sotuv narxidan ancha past. Shunga qaramay, joriy narx “Gazprom”ga 1000 kub metrdan 20−22 dollar foyda olish imkonini beradi", deydi nashrga Energetika va moliya instituti vakili Sergey Kondratev.
Qozog‘iston Energetika vazirligi ham Rossiya gazining mamlakat orqali O‘zbekistonga tranzitini 2026 yildan boshlab joriy 3 mlrd kub metrdan yiliga 11 mlrd kub metrgacha oshirish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.
Kondratevning fikricha, mahalliy gaz qazib olish hajmining qisqarishi fonida O‘zbekistonga Xitoyga eksport shartnomasi shartlarini bajarish uchun 11 mlrd kub metr hajm yetarli bo‘ladi.
“Menimcha, O‘zbekiston 2030 yilga borib Xitoyga 5−6 mlrd kub metr gaz eksport qilishi uchun importni 15−18 mlrd kub metrga yetkazishi kerak. Albatta, bu holatda gap nafaqat Rossiyadan yetkazib berish, balki Turkmanistondan import hajmini oshirish haqida ham ketmoqda”, degan ekspert.
“Gazprom” rahbari Aleksey Millerning aytishicha, 2024 yil o‘rtalariga qadar Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston 15 yil davomida gaz yetkazib berish va tranzit bo‘yicha hamkorlik majburiyatlarini belgilashni rejalashtirmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122222 | Инструменты