Joriy yilning 1-aprel kuni Samarqand shahrida Osiyo-Tinch okeani mintaqasida savdoni soddalashtirish masalalariga bagʻishlangan 11-forum (APTFF) o‘z ishini boshladi. Forumda dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 250 dan ko‘proq xorijiy mehmonlar, jumladan, 10 dan ortiq xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda.
Ma’lumot uchun: Osiyo Tinch okeani mintaqasida savdoni soddalashtirish masalalariga bag‘ishlangan forum (APTFF) savdoni soddalashtirish yo‘nalishida ilg‘or tajriba va bilim almashish uchun asosiy mintaqaviy platforma hisoblanadi. APTFF 2009-yildan beri Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani boʻyicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) tomonidan tobora koʻpayib borayotgan hamkorlar bilan hamkorlikda tashkillashtirilib kelinmoqda. Unda 30 dan ortiq mamlakatdan 250 dan koʻproq ishtirokchilar qatnashmoqda. Forum hamkorlik salohiyatini yuksaltirish uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
Forumning ochilish marosimida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshaboyev so‘zga chiqib, innovatsion texnologiyalar va raqamlashtirish keng joriy etilayotgani, buning natijasida ishlab chiqarish va xalqaro savdo hajmi oshganini ta’kidladi. Shu bilan birga, mintaqada oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash vazifalari ham dolzarbligicha qolmoqda.
Shu nuqtai nazardan, savdo, transport va logistika, raqamlashtirish kabi sohalarda, shuningdek, elektron ma’lumotlar almashinuvi va biznesning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish orqali savdo tartib-taomillarini soddalashtirishda xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Bu borada chegara hududlarida zamonaviy savdo va logistika markazlari, soddalashtirilgan bojxona yo‘laklari va maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil etish eng samarali chora-tadbirlar hisoblanadi.
Barcha mamlakatlar uchun zamonaviy texnologiyalardan teng foydalanishga imkon yaratish, savdo va yuk tashish sohasidagi tartibotlarni soddalashtirish bo‘yicha eng samarali chora-tadbirlar ko‘rish, tovarlar harakatini tartibga soluvchi jarayonlarni raqamlashtirish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zbekistonda keyingi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, qulay sarmoyaviy muhit yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak natijalar bermoqda.
Tashqi bozorga chiqish yo‘lidagi to‘siqlarning bartaraf etilishi, valyuta bozorining liberallashtirilishi, 7 mingdan ortiq turdagi xomashyo va tovarlarga bojxona to‘lovlarining bekor qilinishi natijasida tashqi savdo aylanmasi ikki baravar oshdi.
Soliq yuki qariyb 2 barobar kamaytirildi, soliq ma’murchiligi soddalashtirildi, mamlakatda Markaziy Osiyodagi eng jozibador fiskal tizim yaratildi. O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lida dadil qadamlar qo‘ymoqda.
So‘zga chiqqanlar biznes uchun qulay bo‘lgan oraliq tariflardan foydalangan holda Markaziy Osiyoning transport salohiyatini oshirish, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hamda Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqish bo‘yicha yangi transport yo‘laklarini qurish loyihalarini ilgari surish muhimligini ta’kidladilar.
Bunday sharoitlarda transport xizmatlari bozorini liberallashtirish, ruxsat berish tartib-taomillarini optimallashtirish, xalqaro tashishlar uchun yagona raqamli platforma yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, tadbir doirasida Oʻzbekistonning hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokamasiga bagʻishlangan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Forum 5-aprelga qadar davom etadi. Dasturga muvofiq, raqamlashtirish va savdoni soddalashtirish, jumladan, transport va qog‘ozsiz transchegaraviy savdo, shuningdek, savdo jarayonini ekologiya jihatidan yaxshilash masalalari bo‘yicha guruh muhokamalari va sessiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22217 | Инструменты