Huawei 1
VII Toshkent xalqaro marafoni o'tkaziladi

Markaziy Osiyoning eng yirik sport tadbirlaridan biri - VII Toshkent xalqaro marafoni o'tkaziladi.

Asosiy start 13-aprelga belgilangan: ishtirokchilar klassik marafon (42 km), yarim marafon (21 km) va 10 km masofaga yugurish musobaqalarida o‘z kuchlarini sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Joriy yilda yangilangan yo‘nalishlar "Yangi O‘zbekiston" bog‘iga tutash yo‘llar bo‘ylab tashkil etiladi.

Asosiy yugurish musobaqasi arafasida, 12-aprel kuni Magic City bog‘ida an’anaviy Kids Run bolalar yugurish musobaqasi, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun inklyuziv yugurish musobaqasi, 3 km masofaga yugurish musobaqasi, shuningdek, shimoliy yurish bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. Barcha tadbirlar ertalab soat 8:00 da boshlanadi.

VII Toshkent xalqaro marafonining mukofot jamg‘armasi 639 million so‘mni tashkil etadi. Bunga qo‘shimcha ravishda, erkaklar va ayollar o‘rtasida marafon masofasida O‘zbekiston milliy rekordini o‘rnatganlarga 15 million so‘m, yarim marafon masofasida esa 10 million so‘m ajratiladi.

Marafonda barcha xohlovchilar – fuqaroligidan qat’i nazar, professional sportchilar ham, havaskorlar ham ishtirok etishlari mumkin. 42 km (marafon), 21 km (yarim marafon), 10 km, 3 km masofalarga yugurish hamda shimoliy yurish musobaqalarida 15 yoshdan oshgan erkaklar va ayollar ishtirok etishlariga ruxsat beriladi.

Asosiy masofalarda (marafon, yarim marafon va 10 km) qatnashuvchilar yosh toifalari bo‘yicha taqsimlanadi: 15-34 yosh, 35-49 yosh, 50 yosh va undan yuqori, erkaklar va ayollar uchun alohida. Har bir toifada 1-3-o‘rinlarni egallagan g‘oliblar marafon hamkorlaridan qimmatli sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Yosh yuguruvchilar uchun "Kids Run" bolalar yugurish musobaqalari tashkil etilgan: 5 yoshdan 9 yoshgacha bo‘lgan bolalar 1 km masofaga, 10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar esa 3 km masofaga yugurishlari mumkin. Yakka tartibdagi ishtirokchilardan tashqari, korporativ jamoalar, tashkilotlar va sport klublari ham marafonda qatnashish uchun ariza berishlari mumkin.

Marafon O‘zbekiston sport vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Markaziy Osiyo yugurish va yurish akademiyasi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi hamda Markaziy Osiyo yengil atletika uyushmasi tomonidan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Toshkent marafoni xalqaro sport tadbiri sifatida tan olingan va World Athletics (Xalqaro yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasi) musobaqalari taqvimiga kiritilgan. Marafonning yangilangan trassasi AIMS (Xalqaro marafonlar va ommaviy yugurish musobaqalari assotsiatsiyasi) tomonidan "A" toifasidagi rasmiy trassa o‘lchovchisi ishtirokida sertifikatlashdan o‘tkazildi, bu esa uning jahon standartlariga muvofiqligini kafolatlaydi.

Marafonga tayyorgarlik alohida puxtalik bilan olib borilmoqda: tashkilotchilar tomonidan trassani sifatli qoplash, hakamlar jamoasi va ko‘ngillilarni tayyorlash, shuningdek, ovqatlanish zonalari va sanitariya punktlarini tashkil etish ta’minlanadi. Tayyorgarlik darajasi va antidoping standartlariga rioya etilishini baholash uchun Toshkentga xalqaro mutaxassislar tashrif buyuradi.

VII Toshkent xalqaro marafoniga ro‘yxatdan o‘tish Perfend.com va Yugur.uz platformalarida boshlandi. Ro‘yxatdan o‘tish muddati 2025-yil 2-aprelda yakunlanadi.

Ro‘yxatdan o‘tishda to‘lovlar quyidagicha:

  • Marafon (42 km): 350 ming so‘m
  • Yarim marafon (21 km): 300 ming so‘m
  • 10 km masofasi: 190 ming so‘m
  • 3 km masofasi: 150 ming so‘m
  • “Kids Run” (1 km): 100 ming so‘m
  • Shimoliy yurish (1 km): 150 ming so‘m

Tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilarning kumush, oltin va platina raqamlari uchun maxsus kvotalar ko‘zda tutilgan. VIP raqamlarning narxi tanlangan masofaga qarab 200 ming so‘mdan 1 million 200 ming so‘mgacha farq qiladi.

Start paketni olish uchun Perfend.com yoki Yugur.uz platformalarida ro‘yxatdan o‘tishingiz va 2025-yil 10 va 11-aprel kunlari soat 10:00 dan 20:00 gacha paketlarni berish punktiga tashrif buyurishingiz lozim. Bunda shaxsingizni va/yoki bolangizning shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishingiz kerak. Boshlang‘ich paketga chipli ko‘krak raqami, to‘rtta to‘g‘nag‘ich, ryukzak va marafonning rasmiy logotipi tushirilgan futbolka kiradi. Paketlar Furqat ko‘chasi, Beshyog‘och maydonidagi Magic City bog‘ida tarqatiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22300 | Инструменты