Senatning yalpi majlisida parlament yuqori palatasi aʼzolari tomonidan “Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi masala qizg‘in muhokama qilindi.
Majlisda ushbu o‘zgarishlarni amalga oshirish aholiga munosib yashash sharoitini yaratish, buning uchun tegishli manzillarda muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini, shuningdek ijtimoiy soha (maktab, bog‘cha, kasalxona) obyektlarini barpo etish, yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
Xabaringiz bor, 2023-yil 20-iyulda Prezidentning “Samarqand shahrida “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Muhokama qilingan masala ham aynan Samarqand viloyatining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qarorning to‘liq ro‘yobga chiqarilishida muhim omili sifatida xizmat qiladi.
Xususan, aholining uy-joy bilan taʼminlash bo‘yicha takliflaridan kelib chiqib, fuqarolar uchun qulay bo‘lgan Samarqand shahridan o‘tgan Zarafshon daryosi qirg‘og‘i bo‘ylab 15 km uzunlikdagi masofada qiymati
10 mlrd dollarlik “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish maqsad qilingan.
Senatorlar ko‘rib chiqqan masalada Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidan 243 gektar, Samarqand tumanidan 170 gektar, jami 413 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Natijada amaldagi 252 gektardan iborat “Shirin” mavzesi hududi kengaytirilib, jami 665 gektar maydonni tashkil etadi.
Muhokamalar jarayonida tasdiqlangan master reja bo‘yicha hududda 180 ming aholiga mo‘ljallangan jami 60 mingta xonadondan iborat 254 ta ko‘p qavatli uylar, 45 ta ijtimoiy soha obyekti qurilishi maʼlum qilindi.
Mazkur “Shirin” shaharchasida bunyodkorlik loyihalarini amalga oshirish muddatlari aniq rejalashtirilgan va qurilish ishlari 3 ta bosqichda olib boriladi.
Eʼtiborli jihatlaridan biri shundaki, “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi to‘liq barpo etilishi natijasida turli sohalarda 50 mingga yaqin aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Senatorlarning yakdil fikriga ko‘ra, viloyatdagi chegaralarning o‘zgartirilishi Samarqand shahrining meʼmoriy qiyofasini yaxshilash va obodonlashtirish, xorijiy va mahalliy investorlar uchun jozibadorligini oshirish, shaharning turizm salohiyatidan samarali foydalanish, zamonaviy biznes, moliyaviy va turistik infratuzilmalarni jadal rivojlantirishni taʼminlash va eng asosiysi aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhokama so‘nggida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22223 | Инструменты