Standard & Poor's xalqaro reyting agentligi Farg‘ona viloyatiga B+ darajasidagi “Barqaror” prognozli kredit reytingini berdi

Standard & Poor's xalqaro reyting agentligi (S&P Global Ratings) Farg‘ona viloyatining xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli kredit reytingini B+ darajasida “Barqaror” deb baholadi.

2022-yil 3-iyun kuni e’lon qilingan S&P Global Ratings hisobotida viloyat byudjetining yuqori ko‘rsatkichlari hamda tijoriy qarzdorlikning mavjud emasligi alohida e’tirof etilib, kelgusi uch yil davomida viloyat budjeti oshirib bajarilishi bashorat qilingan.

Qolaversa, agentlik ekspertlari fikriga ko‘ra, qarzdorlik darajasi deyarli nolga teng ekani natijasida viloyatning likvidlik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lishda davom etadi.

Shuningdek, viloyatning 2019-yildan boshlab moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari hamda 2024-yilgacha bo‘lgan moliyaviy-iqtisodiy holati prognozi bo‘yicha qilingan tahlillarga ko‘ra, reyting agentligi tomonidan Farg‘ona viloyati kelgusi 12 oy ichida markaziy hukumatdan transferlar hisobiga kuchli budjet ko‘rsatkichlarini saqlab qolishi va o‘rta muddatli istiqbolda qarzga mutlaq ega bo‘lmasligiga ishonch bildirildi.

B+ reyting ko‘rsatkichi dunyoda iqtisodiy holati barqaror va moliyaviy jihatdan qarzdorligi bo‘lmagan hamda sog‘lom investitsion muhitga ega bo‘lgan hududlarga berilib, o‘sha hududning xalqaro doiradagi holati ijobiy pog‘onada ekanligini bildiradi.

Agentlikning ta’kidlashiga ko‘ra, statistik ko‘rsatkichlarda viloyatning iqtisodiy salohiyati yildan yilga sezilarli miqdorda ko‘tarilgan va buning isbotini viloyatning turli sohalarda qayd etayotgan natijalarida kuzatish mumkin. Kelgusida, ya’ni 12 oydan so‘ng, Farg‘ona viloyatida faoliyat yuritayotgan institusional tizimning yaxshilanishi yoki mintaqaning boylik darajasi ko‘rsatkichlari ko‘tarilishi shunday sur’atda davom etsa, reyting yana bir darajaga yuqorilashi qayd etildi.

Farg‘ona viloyatida 2017-2021-yillarda yalpi hududiy mahsulot (YAHM) hajmi 228,1 % ga o‘sib, 2021-yil yakuni bilan 47,3 trln. so‘mni tashkil etdi. (Yillar kesimida olib qaraganda: 2017-yil – 20,7 trln. so‘m, 2018-yil – 27,7 trln. so‘m, 2019-yil – 32,7 trln. so‘m, 2020-yil – 37,6 trln. so‘m, 2021-yil – 47,3 trln. so‘m). 2022-yilda bu ko‘rsatkich 53,7 trln. so‘mga teng bo‘lishi kutilmoqda.

Sohalar bo‘yicha tahlil qilganda, 2017-yilda 9,7 trln. so‘m bo‘lgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2021-yilda 2,86 barobarga oshib 27,8 trln. so‘mga yetgan, 2022-yilda 32,9 trln. so‘mga yetishi kutilmoqda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 5 yil davomida 2,2 barobar o‘sish qayd etib, 12,7 trln. so‘mdan 28,1 trln. so‘mga ortdi, joriy yilda esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini 31,9 trln. so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.

Farg‘ona viloyatiga jalb etilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investisiyalar hajmi yildan yilga oshib bormoqda. Viloyatga o‘tgan 2021-yilda 2017-yilga nisbatan 16,5 barobardan ko‘p xorijiy investisiya kirib kelishiga erishildi. (2017-yilda 31,1 million dollar, 2021-yilda 512,3 million dollar). Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022-yilning yanvar–may oylarida o‘zlashtirilgan xorijiy investisiyalarning umumiy hajmi esa 411 mln. dollarni tashkil etdi, o‘sish ko‘rsatkichi 2021-yilning mos davriga nisbatan 2,8 barobarga ortdi. 2022-yil yakuni bo‘yicha 1 mlrd. dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investisiyalar jalb etish rejalashtirilmoqda.

2021-yilda Farg‘ona viloyati eksporti hajmi 756,3 million dollarga teng bo‘ldi. 2017-yilga nisbatan olganda, 319 million dollarga (173%), 2020-yilga nisbatan esa 202,1 million dollarga yoki 36,4 foizga teng o‘sish qayd etildi. Farg‘ona viloyati tadbirkorlari tomonidan yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan mahsulotlar dunyoning 70 dan ziyod mamlakatlariga eksport qilinmoqda. 2022-yil davomida 1 mlrd. 100 mln. dollarlik sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Yaratilayotgan qulay investitson muhit natijasida Farg‘ona viloyatida xorijiy kapital ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni ham yil sayin ortib bormoqda. Farg‘ona viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 2017-yilda 184 tani, 2018 yilda 253 tani, 2019-yilda 388 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2020-yilda ular soni 444 taga, 2021-yilda 535 taga, 2022-yil may holatiga esa 552 taga yetdi.

Ma’lumot o'rnida, S&P Global Rating xalqaro reyting agentligi tomonidan Turkiya, Bahrayn, Iordaniya va Eron kabi mamlakatlar kredit reytinglari ham aynan B+ darajasida baholangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11515 | Инструменты