Huawei 1
Surxondaryoda Yaponiya ko‘magida zamonaviy markaz ochildi

Surxondaryo viloyati Termiz shahrida Yaponiya hukumati moliyaviy ko‘magida, BMT Taraqqiyot dasturi loyihasi doirasida yoshlar markazi tashkil etildi.

Zamonaviy maskanning ochilish marosimida Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulov, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Takashi Hatori  va BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi doimiy vakili Akiko Fujii ishtirok etdi.

Kunchiqar o‘lkaning beg‘araz yordam loyihasi doirasida jihozlangan yangi markaz informatsion texnologiyalar bo‘yicha kasbiy ko‘nikmalarga o‘qitish, tadbirkorlik va xorijiy til kurslarini taklif etadi.

Tashabbuskorlarga ko‘ra, loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad taʼlim va bandlik o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish, yoshlar muvaffaqiyatga erishishi uchun zarur vositalarga ega bo‘lishini taʼminlashdir.

Aholining 60 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan navqiron avlod tashkil etuvchi O‘zbekistonda mazkur qatlam o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratish alohida ahamiyat kasb etadi.

Yaponiya tomoni kelgusida ham yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirish niyatini bildirgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102518 | Инструменты