Huawei 1
Adliya vazirligi: Elektron tizimlar joriy qilingani sababli 9 oyda 12,7 tonna ofis qog‘ozi tejaldi

Bugun, 25-oktabr kuni Oʻzbekistonda “Qogʻozsiz bir kun” respublika eko-aksiyasi oʻtkazilmoqda.

Bu nima uchun muhim? Qogʻozdan foydalanishni qisqartirish va undan voz kechish xarajatlarni, tabiiy resurslarga boʻlgan yuklamani, jumladan suv va elektr energiyasi isteʼmolini kamaytirish hamda chiqindilar miqdorini qisqartirishga imkon beradi. Umuman olganda, bunday amaliyot davlat organlari faoliyatini yanada barqaror, iqtisodiy samarali va ekologik xavfsiz qilishga yordam beradi.

Ofisda qogʻoz sarfini kamaytirish uchun nima qilish kerak?

-  Raqamli texnologiyalarga oʻting: hujjatlarni chop etish oʻrniga elektron xatlar joʻnating.
- Oqilona chop eting: faqat zarur boʻlganda bosing, ikki tomonlama chop etishdan foydalaning.
- Qayta ishlangan qogʻozdan foydalaning: ekologik toza qogʻoz mahsulotlarini tanlang.
- Fayllarni onlayn ulashing: bulutli saqlash xizmatlari va hamkorlikda ishlash vositalaridan foydalaning.

Adliya organlarida joriy qilingan elektron tizimlar sababli 2024-yilning 9 oyi davomida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 12,7 tonna ofis qogʻozi tejaldi.

Agar shu hajmdagi qogʻoz bilan yerni bir qavat qilib qoplaydigan boʻlsak, u taxminan 160 ming kvadrat metr maydonni, yaʼni 22 ta futbol maydonini yoki 127 ta olimpiya basseynini egallagan boʻlardi.

Oʻrtacha hisobda 1 tonna ofis qogʻozini ishlab chiqarish uchun daraxt turi va ishlab chiqarish texnologiyasiga qarab 17—20 ta daraxt kerak boʻlishi mumkin. Shu sababli, 12,7 tonna ofis qogʻozini tejash orqali taxminan 240 ta daraxtni saqlab qolishga erishildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102520 | Инструменты