O'zbek-xitoy ishbilarmon doiralari ishtirokida o'tkazilgan muzokaralarda "O'zeltexsanoat" uyushmasiga a'zo "Techno Cable Group" kompaniyasi Xitoy kompaniyalari bilan kelishuvga erishdi.
Xususan, Xitoyning yirik kompaniyalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilayotgan energetika sohasidagi investitsiya loyihalari uchun zamonaviy kabel mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati 70 mln dollarlik kelishuv imzolandi.
Mazkur kelishuv natijasida Xitoylik kompaniyalar tomonidan respublikamizda amalga oshiriladigan loyihalar doirasida importni kamaytirilishiga va mahalliy korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarini rivojlantirilishiga erishiladi.
Korxonada bugungi kunda 2000 turdagi kabel-sim mahsulotlari ishlab chiqariladi. 300 nafar xodim doimiy ish bilan ta'minlangan.
2023-yilda amalga oshirilgan 15 mlrd so'mlik loyihalar natijasida 10-35 kV yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi.
2024-yilda ham korxona yangi investitsiya loyihalari asosida yangi ishlab chiqarish liniyalarini ishga tushirish bo'yicha ishlarni boshlab yuborgan. Xususan, yangi quvvatlar uchun binolar qurilib, xorijdan zamonaviy texnologiyalarni olib kelish va jihozlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu loyihalar doirasida korxona yana yangi 100 nafar ishchi o'rni yaratishni rejalashtirmoqda.
Korxona bugungi kunda asosan, Turkiya, Gruziya, Markaziy Osiyo davlatlariga mahsulot eksport qilib kelmoqda. Joriy yilda ham eksport geografiyasini kengaytirish bo'yicha korxonaning istiqbolli rejalari mavjud.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122304 | Инструменты