Huawei 1
UzVC Milliy venchur fondi o‘zining ilk startapini $100 ming miqdorida moliyalashtirdi

UzVC Milliy venchur fondi Sturgeon Capital boshqaruv kompaniyasi bilan hamkorlikda o‘zining ilk startapini 100 000 AQSH dollar miqdorida moliyalashtirdi.

Avvalroq UzVC Milliy venchur fondi Sturgeon Capital boshqaruv kompaniyasi bilan birgalikda moliyalashtirish uchun startaplardan arizalar qabul qilish boshlangani haqida xabar berilgan edi.

Taqdim etilgan arizalar orasida o‘zining boshlang‘ich bosqichida mablag‘ to‘plashni boshlagan TASS VISION startapiga Fondning investisiya komissiyasi tomonidan sarmoya kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ushbu raundga mahalliy “biznes angeli” Bahrom Abduqodirov qo‘shildi va boshqa venchur fondlar bilan faol muzokaralar olib borilmoqda.

2019-yilda tashkil etilgan TASS VISION startapi sun’iy intellektdan foydalangan holda videotahlil texnologiyasini taqdim etadi. Bunga Visitor Analytics – jinsi va yoshi bo‘yicha tashrif buyuruvchilar tahlili, Face HR – HR vazifalarini osonlashtirish uchun xodimlarning kelish vaqtini qayd etish va CJM - Customer Journey Map - do‘konda eng ko‘p "sotiladigan" nuqtalar tahlili kiradi.

Startap o‘zining asosiy missiyasini an’anaviy chakana savdoni yuqori texnologiyali va samarali savdoga aylantirish deb ataydi. Ayni paytda startapda 20 dan ortiq xodimlar hamda Janubiy Koreya va Xitoydan masofaviy tarzda dasturchilar ishlamoqda, shu bilan birga mahsulot uchun yangi funksiyalarni ishlab chiqish orqali takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.

Yig‘ilgan mablag‘lar mahsulotni rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, shuningdek, mahsulotni tashqi bozorga chiqarishga yo‘naltiriladi.

Ma'lumot o'rnida, UzVC Milliy venchur fondi ilgari yuborilgan arizalarni ko‘rib chiqish va startaplardan yangi arizalarni qabul qilishda davom etmoqda.

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42910 | Инструменты