Xitoyning Qashg‘ar shahrida 1-mart kuni O‘zbekiston—Xitoy—Qirg‘iziston hukumatlari delegatsiyalarining uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, uchrashuvda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi Aqilbek Japarov, Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi aʼzosi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Partqo‘mi kotibi Ma Sinjuy ishtirok etgan.
Uchrashuvda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida qurilishi rejalashtirilgan Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temir yo‘l liniyasi mintaqamizni Xitoy bilan bog‘laydigan eng qisqa muqobil yo‘l ekani qayd etilgan. Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temir yo‘l liniyasini qurish va undan foydalanish uchun qo‘shma korxona tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlangan.
O‘zbekiston tomoni, Xitoydan Qirg‘iziston va O‘zbekiston hududi orqali multimodal transportni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha saʼy-harakatlarni birlashtirishga chaqirgan.
Uch tomonlama muzokaralardan so‘ng, delegatsiyalar rahbarlari “Ulug‘chat” bojxona terminali va “Irkeshtom” nazorat-o‘tkazish punkti faoliyati bilan yaqindan tanishgan.
Umuman, O‘zbekiston delegatsiyasining Xitoyga tashrifi doirasida “Qashg‘ar iqtisodiy va texnologik rivojlanish zonasi” faoliyati bilan yaqindan tanishilgan, bir qator yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122222 | Инструменты