Huawei 1
Yevropa investitsiya bankining O‘zbekistondagi ofisi yil oxirigacha ochiladi — YIB vakili

Yevropa investitsiya bankining O‘zbekistondagi ofisi 2025-yil oxirigacha ochiladi. Bu haqda 10-iyun kuni o‘tkazilayotgan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasidagi panel sessiyada YIBning kredit bo‘yicha katta xodimi Davide Monguzzi ma’lum qildi.

Monguzzi joriy yilning aprel oyida Samarqand sammiti doirasida O‘zbekistonda YIBning mintaqaviy ofisini ta’sis etish to‘g‘risida bitim imzolanganini ijobiy tajriba sifatida qayd etdi.

“Shuni aytishim mumkinki, nihoyat YIB mezbon mamlakat bilan bitim imzoladi. O‘zbekiston hukumati bilan kelishuvimiz bizga ertami-kechmi ofis ochish imkonini beradi. Uning esa joriy yil oxirida ochilishi kutilmoqda”, — dedi u.

Bank vakili YTB Yevropa Ittifoqining “moliyaviy qanoti” hisoblanishini va bankning Markaziy Osiyodagi o‘n yildan ortiq faoliyatini kengaytirish hamda investitsiya kiritish uchun strategik maqsadlar belgilab olinganini ta’kidladi.

YTB tuzilmani rivojlantirishga e’tibor qaratadi. Iqlimning oldindan aytib bo‘lmas darajada o‘zgarib borishi esa mintaqada suv xo‘jaligi barqarorligini ta’minlash borasidagi dasturlarni joriy etishni taqozo qiladi.

“YIB Yevropadagi mamlakatlarni birlashtira oldi va biz Markaziy Osiyoda ham buni amalga oshirishni xohlaymiz. Ayniqsa, bizda Transkaspiy koridori mavjud — transport barqaror rivojlanishning sermahsul yo‘li”, — dedi Davide Monguzzi.

Shuningdek, u Yevropa investitsiya banki O‘zbekistonda infratuzilmani barqaror rivojlantirishga yordam berish istagida ekanini qayd etdi. “Biz Yevropada qurgan ko‘p yillik nou-xaumizni texnik jihatdan amalga oshirishni xohlaymiz”, — dedi u.

Monguzzining aytishicha, YTB sug‘orishdan tortib yo‘llarni qayta tiklash, avtomobil yo‘li hamda temir yo‘l qurilishigacha bo‘lgan turli sohalarga ixtisoslashgan 400 dan ortiq muhandislar jamoasi mavjud.

Bank mamlakatga mablag‘ ajratish bilan birga, loyihalarda birgalikda ishtirok etish istagida. YIBning boshqa mamlakatlardagi tajribasini O‘zbekistonga olib kelish va loyihalarga qo‘llash maqsad qilingan.

“Biz hozirda aloqalarni rivojlantirishga e’tibor qaratmoqdamiz va Transport vazirligi bilan imzolagan o‘zaro anglashuv memorandumini Qoraqalpog‘iston hududida, shuningdek, Samarqand shahri yaqinida ham amaliy loyihalarga aylantirish ustida ish boshlayapmiz. Shunday qilib, biz allaqachon transport harakati sekinlashgan yoki tor joylarda vaziyatni yaxshilash bo‘yicha aniq qadamlar qo‘ymoqchimiz”, — deya xulosa qildi YIBning kredit bo‘yicha katta xodimi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61218 | Инструменты