O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (UZCE) Bosh direktori Rashid Usmanov boshchiligidagi delegatsiyasining Londonga (Buyuk Britaniya) tashrifi doirasida Bloomberg kompaniyasi bilan strategik bitim imzolandi.
Bitim bilan market-data va statistik ma’lumotlar, shu jumladan chet el valyutalari, davlat obligatsiyalari, derivativlar, banklararo pul bozoridagi o‘rtacha tortilgan hajmlar va narxlar bo‘yicha kotirovkalar, shuningdek boshqa turdagi ma’lumotlar translyatsiya qilinishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur ma’lumotlar yirik xorijiy investorlar va treyderlarga joriy bozor tendensiyalari va tahliliy ma’lumotlardan kelib chiqib, O‘zbekiston iqtisodiyotiga yanada ko‘proq investitsiya kiritish maqsadida tezkor va samarali qarorlar qabul qilishga ko‘maklashadi.
O‘zbekiston respublika valyuta birjasi va Bloomberg o‘rtasida market-datani translyatsiya qilish to‘g‘risidagi bitim imzolanishi O‘zbekistonning birja va moliya bozorlariga potensial xorijiy investorlar uchun axborot “oynasini” ochadigan muhim voqea bo‘ldi.
Bloomberg jahon moliya bozorining professional ishtirokchilari uchun moliyaviy ma’lumotlarning yetakchi provayderlaridan biri bo‘lib, deyarli barcha jahon birjalarida va ko‘plab birjadan tashqari bozorlarda joriy va tarixiy bozor ma’lumotlari bilan ta’minlovchi kompaniya hisoblanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50913 | Инструменты