O'zbekistonda "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ko‘kalamzorlashtirish chora-tadbirlari davom ettirilmoqda. Xususan, 2025-yilning bahorgi mavsumida respublikada 136 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazildi.
Ta'kidlash joizki, 2021-yilda davlat rahbari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi e’lon qilinib, kelgusi besh yilda har yili 200 mln tupdan daraxt va buta ko‘chatlari hamda qalamchalarini ekish, yashillik darajasini 30 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Ekologiya vazirligi O‘rmon va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish hamda cho‘llanishga qarshi kurashish boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, loyiha doirasida 2021-yil kuzida — 86 mln, 2022-yilda — 203 mln, 2023-yilda — 220 mln, 2024-yilda esa 227 mln tup daraxt va butalar ekildi. Shuningdek, Orol va Orolbo‘yi hududlarida yashil qoplamalar hajmi 2 mln gektarga yetkazildi. Bu borada oxirgi 4 yilda respublika bo‘yicha jami 872 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari hamda qalamchalari o‘tqazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida"gi Farmonida 2025-yilda mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko‘chalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi va “Mening bog‘im” loyihasi doirasida 200 million tup daraxt hamda butalar ekilishi belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, Orol dengizi tubida 100 ming gektar “yashil maydon” barpo etilishi va Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlar 2,1 million gektarga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Mutaxassis-olimlarga ko‘ra, cho‘l hududlarida 1 gektar saksovulzor bir yilda 1158 kg karbonat angidridni yutib, salkam shuncha hajmda kislorod chiqaradi. Bir tup saksovul 3 tonnagacha qum-changlarni ushlab qoladi. Yoki tog‘li hududlarda bir tup archa daraxti 30 kg inson sog‘ligi uchun juda foydali hisoblangan fitonsid ishlab chiqaradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50921 | Инструменты